Jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir fuqaroning huquq-manfaatlarini himoya qilishda sud va boshqa ayrim organlarning hujjatlari ijrosini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu vakolat esa mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga yuklatilgan.
Har bir qaror, har bir ijro hujjati ortida inson taqdiri turadi. Byuroning Xorazm viloyat boshqarmasi tizimidagi xodimlari sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish, aliment undirish hamda ishsiz aliment to‘lovchilarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni ana shu ezgu maqsad asosida amalga oshirmoqda.
Boshqarmaning 2025 yildagi faoliyati sarhisob qilinsa, o‘tgan yil davomida sud hujjatlari asosida 2 trillion 61,1 milliard so‘m, shundan davlat foydasiga qariyb 1 trillion 262 milliard so‘mlik undiruv amalga oshirilgan. Shu jumladan, 1 trillion 140,2 milliard so‘mlik soliq qarzdorliklari, 38,6 milliard so‘mlik davlat boji, 55,2 milliard so‘mlik jinoiy va ma’muriy jarimalar hamda jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan 13,6 milliard so‘mlik zarar davlat foydasiga undirilgan.
– Yil davomida tijorat banklari foydasiga ham 8 ming 41 ta hujjat bo‘yicha 445,7 milliard so‘m mablag‘ undirib berildi, – deydi Byuroning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Azamat Xolmurodov. – Ma’lumki, ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi. Shunga ko‘ra, Byuroning viloyat boshqarmasi hamda tuman - shahar bo‘limlari tomonidan 2025 yil davomida 63,6 mlrd. so‘m undirilib, ana shu daftarlarga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
Ta’kidlash lozimki, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishini yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilikka yo‘l qo‘ymaslik, uning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash har bir xodim oldida turgan ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Byuroning Xonqa tuman bo‘limida ham kelib tushayotgan hujjatlar ijrosini muddatida hamda sifatli ta’minlash asosiy ish prinsipi hisoblanadi. Bunda katta e’tibor davlat va fuqarolarning huquqiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan.
– Zimmamizga yuklatilgan vazifalarni astoydil bajarishga harakat qilamiz, – deydi byuroning Xonqa tuman bo‘limi bo‘limi boshlig‘i Hamrobek O‘razmetov. – Chunki, har bir hujjat ijrosi so‘zsiz ta’minlanishi kerak. Bo‘limimiz ish yurituvida jami mavjud bo‘lgan 297,3 milliard so‘mlik undiruvlarga oid 22 mingga yaqin ijro hujjatlaridan qariyb 14 mingtasi, ya’ni 181,5 milliard so‘mlik ijro hujjatlari tamomlandi.
Aliment qarzdorligi majburiy ijro xodimlari eng ko‘p duch keladigan muammolardan biridir. U o‘z vaqtda amalga oshirilmasa yoki to‘liq to‘lanmasa, ortida qanchadan qancha chaqaloq va bolalarning taqdiri turibdi. 2025 yilda viloyatda 103,4 milliard so‘m mablag‘lar aliment undiruvchilar foydasiga undirilgan.
[gallery-27318]
– Byuro ijrochisining vazifasi faqat qarzdordan undiruvchiga aliment undirib berishdan iborat emas, – deydi byuroning Xonqa tuman bo‘limi davlat ijrochisi Qodirjon Tillayev. – Ijrochi profilaktik suhbatlar orqali har ikki tomonning sharoiti, imkoniyati va fikrlarini o‘rganib, ularni murosaga keltirib, muammoni ijobiy hal etishi lozim. Masalan, bo‘limiz tomonidan o‘tgan yilda 326 ta oila yarashtirilib, 524 nafardan ortiq bola yetim qolishining oldi olindi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilishi izchil yo‘lga qo‘yilgan. Biroq mas’uliyatsizlik tufayli banklar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilmaslik holatlari hamon uchrab turibdi. Shu bois byuro organlari ish yurituvidagi banklar foydasiga hal qilingan sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Buni 2025 yilda banklar foydasiga 8,4 milliard so‘m hamda kommunal tashkilotlar foydasiga 1,2 milliard so‘m mablag‘lar undirib berilganidan ham bilish mumkin.
Har qanday huquqiy davlatda har bir qaror, har bir adolatli hukm o‘z vaqtida ijro etilishi shart. Albatta, bunda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish muhimdir. Ishonamizki, joriy yilda ham byuro xodimlarining sa’y-harakatlarida ana shu ustuvor vazifalar aks etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3IdV3vwbfxo" title="Ijro ta’minlanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari