Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro talabini bajarmagan bank mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
15:49 / 2021-05-07

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudining o‘tgan yil 18 sentyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor “Yuksalish sari birgalikda” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan undiruvchi “G‘isht markaz” xususiy korxonasi foydasiga 329 million 480 ming 170 so‘m hamda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarial idorasining qarzdor “Yuksalish sari birgalikda” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan “Agro bank” ATB Qiziriq filiali foydasiga 36 million 573 ming 713 so‘m miqdoridagi qarzni undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosi Qiziriq tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishilgan. Qarzdorning tijorat bankidagi mavjud hisob raqamlariga yuborilgan elektron inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan “kortoteka-2” ga qabul qilingan.

– Qarzdor “Yuksalish sari birgalikda” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisobraqamiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalarining ijrosi ta’minlanmayotgani o‘rganib chiqildi, – deydi MIB viloyat boshqarmasi katta inspektori Q.Tursunov. – Aniqlanishicha, bank mas’ul xodimlari qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalarini asossiz bekor qilib, “kortoteka-2” dan chiqarib tashlagan va qarzdor jamiyatning hisob raqamlaridan jami 47 million 541 ming 418 so‘m pul mablag‘ini kredit qarzi hamda unga hisoblangan foizlarni qoplash uchun o‘tkazib yuborgan. Natijada davlat ijrochisining jami 374 million 453 ming 975 so‘mlik elektron inkasso topshiriqnomasining ijrosi ta’minlanmay qolgan.  

Ushbu holatda bank mansabdor shaxslarining harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi va 233-moddasi (Band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) da ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi uchun Byuroning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tegishli jinoyat ishi qo‘zg‘atib, to‘plangan hujjatlarni viloyat prokuraturasiga taqdim etdi.

                                                                                                                                      

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA