Namangan viloyati Pop tumanida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlarida ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlashni yanada yaxshilash yuzasidan o‘quv seminari tashkil etildi.
“Pop tumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi binosida o‘tkazilgan mazkur seminarda filialning nazorat va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi mas’ul xodimlari va shahar, tuman gaz bo‘limlarining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi.

Dastavval, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali nazorat va murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Maryamxon Dadamirzayeva viloyatdagi gaz ta’minoti idoralarida ish yuritish va ijro intizomi samaradorligi, hujjatlarni tayyorlashda sifat darajasini oshirish xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Seminarda, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filialiga 2025 yilning birinchi yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish borasida ma’ruza qilinib, hisobot davridagi murojaatlarning soni va nazorati tahlil etildi.
Bunday amaliy seminarlar gaz ta’minoti tizimini yanada takomillashtirishda xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, har bir fuqaroning murojaatiga e’tibor va mas’uliyat bilan yondashish, odamlarning muammo yoki masalalariga yechim izlashga chorlaydi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.