Ijro mahoratlarini namoyish etishdi
Sirdaryo viloyatida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Filarmoniya yosh ijodkorlari Respublika ko‘rik tanlovi”ning viloyat bosqichi viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir yosh ijodkorlar uchun o‘z iste’dodlarini namoyon qilish va ijodiy salohiyatlarini yanada rivojlantirishda muhim maydon bo‘ldi.
Tanlovda estrada, xalq va akademik musiqa yo‘nalishlari, shuningdek raqs va boshqa san’at turlari bo‘yicha iqtidorli yoshlar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar sahnada ovoz va ijro mahoratini taqdim etish bilan birga, yangicha interpretatsiya, ijodiy uslub va sahna ko‘rinishlarini ham namoyon etishdi. Bu esa hakamlar hay’ati va tomoshabinlar oldida ularning salohiyatini aniq baholash imkonini berdi.



Tanlov natijasiga ko‘ra, estrada yo‘nalishida faxrli 1‑o‘rinni Doston G‘aybullayev egallab, respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, eng yuqori baho olgan barcha yosh ijodkorlar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri