Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro intizomi — qonun ustuvorligining kafolati
23:27 / 2025-11-06

Mamlakatimizda adolatni qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir fuqaroning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish — bu oliy maqsadga erishishda sud va boshqa vakolatli organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Ana shu ezgu vazifani amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Shu maqsadda Byuroning Xorazm viloyat boshqarmasi hamda uning quyi tizimlarida ham sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarining adolatli va samarali ijrosini ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, ijro hujjatlarini to‘g‘ri va shaffof hisobga olish, undirilgan mablag‘larning haqqoniy taqsimotini yuritish, shuningdek, ijro jarayonida sansalorlik va suiiste’mol holatlarining oldini olish kabi muhim yo‘nalishlarda ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bo‘lim ish yurituviga 2025 yilning o‘tgan davrida jami 6 trillion 184 milliard so‘mlik 336  ming 725 ta ijro hujjati kelib tushgan. Shundan 3 trillion 476,1 milliard  so‘mlik 185 ming 212 ta hujjat ijrosi tamomlangan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 411 milliard so‘mga yoki 35 ming 541 ta ko‘p hujjat ijrosi tamomlanib, tugatilishiga erishildi degani.

Ushbu davrda jami 1 trillion 269,3 milliard so‘m, shu jumladan, davlat foydasiga 696  milliard 200 million so‘m undirilgan. Soliq qarzdorligi bo‘yicha esa 604,2 milliard so‘m, banklar foydasiga 337,7 milliard so‘m undirilgan. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga  51,4 milliard so‘m o‘tkazib berilgan. Shuningdek, 71,4 milliard so‘m mablag‘lar esa aliment undiruvchilar foydasiga undirilgan.

Har bir xodimimiz zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifa — bu kelib tushayotgan hujjatlarni o‘z vaqtida va sifatli ijro etishdir, — deydi byuroning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Azamat Xolmurodov. — Shu bilan birga, faoliyatimizda asosiy e’tibor davlat va fuqarolarning qonuniy huquq hamda manfaatlarini ta’minlashga, adolat va qonun ustuvorligini hayotga tatbiq etishga qaratilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida byuro organlari tomonidan viloyatda jismoniy va yuridik shaxslarning 5 ming 606 ta murojaati hal etilib, shulardan 1 ming  810 tasi qanoatlantirildi va 3 ming 796 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan. Bu boradagi ishlar muntazam va izchil davom etmoqda.

Qonunchilikda o‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim. Byuroning quyi bo‘limlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmalarni buzdirishga doir ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida samarali ishlar qilinmoqda.

Tuman va shahar bo‘limlarimiz ish yurituvida bo‘lgan jami 3 ming 366 ta noqonuniy qurilmani buzdirish bilan bog‘liq ijro hujjatlarining bir yarim mingga yaqini o‘tgan to‘qqiz oy davomida tamomlandi,  — deydi Byuroning viloyat boshqarmasi inspektori Jamshid Ashirov.— Misol uchun, byuroning Urganch shahar bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatlaridan 275 tasi, Urganch tuman bo‘limi ish yurituvidagi 261 ta ijro hujjatlari ijrosi ta’minlanib, amalda yakunlandi.

Ma’lumki, mamlakatimizda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va aholining farovonligini oshirishda tadbirkorlik faoliyatining o‘rni beqiyos. Shu maqsadda bugungi kunda tijorat banklari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga turli yo‘nalishlardagi maqsadli kreditlar ajratilib, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.  

Shu bilan birga, tijorat banklari foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash yuzasidan ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa moliyaviy intizomni mustahkamlash, kredit resurslarining samarali aylanishini ta’minlash va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotir.

Hududiy boshqarmada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan alohida muhim ijro ishlarini bajarish shu’basi inspektorlari tomonidan 100 million so‘mdan yuqori bo‘lgan bank undiruvi bilan bog‘liq hujjatlarga alohida e’tibor qaratilib, undiruv tadbirlari olib borilmoqda.  

—Hozir tijorat banklari foydasiga kredit qarzini undirish bilan bog‘liq 1 trillion 784 milliard so‘mlik 2 ming 254 ta ijro hujjati shu’bamiz ish yurituviga olingan, —deydi Byuroning viloyat boshqarmasi katta inspektori Zafar Muxtorov.  —Joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari natijasida 735 milliard so‘mlik 882 ta ijro hujjati qonunning tegishli moddalariga asosan tamomlangan bo‘lib, 255 milliard so‘m pul mablag‘lari tijorat banklari foydasiga o‘tkazib berilishi ta’minlandi. Shuningdek, 465 milliard so‘mlik garov mulklari xatlanib, 326 milliard so‘mlik garov mulklari realizatsiya qilish uchun auksion savdolariga sotuvga chiqarildi.  

Bugungi kunda byuroning bo‘lim davlat ijrochilari nafaqat sud, shuningdek, vakolatli organlardan kelayotgan hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida tizimli choralar ko‘rishmoqda. Misol uchun, Shovot tumanida joylashgan "Fatma sultan" mas’uliyati cheklanagan jamiyatidan davlat foydasiga 100 million so‘mga yaqin miqdordagi soliq qarzini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari mavjud. Mazkur ijro ishi yuzasidan Byuroning tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida soliq organlari ishtirokida qarzdorga tegishli bino inshootlari xatlab qo‘yildi.

Joylarda olib borilayotgan targ‘ibot va tadbirlar davomida hujjatlar ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan qarzdor fuqaro A.B. dan undiruvchi Sh.B. ning foydasiga ular bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun har oy jami daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment to‘g‘risidagi ijro hujjati byuroning Shovot tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Olib borilgan ijro harakatlari davomida davlat ijrochisi tomonidan qarzdordan shu kunga qadar bo‘lgan aliment va qo‘shimcha ta’minot pullari ham undirib berilgan. Biroq,  Byuroning Shovot tuman bo‘limi davlat ijrochisi Dilshod  Matsafoyev tomnidan A.B. va Sh.B. bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida tomonlar o‘zaro yarashish niyati borligini bildirishgan. Bunday vaziyatda davlat ijrochisi O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunining 40-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan ish tutdi.

Ma’lumki, mamlakatimizda keyingi yillarda zamon talabidan kelib chiqib, har bir soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, bu jarayon Majburiy ijro byurosi organlarini ham qamrab olgan va bu bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu borada muhtaram Prezidentimizning 2024 yil 3 yanvardagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham chiqqan. Shu sababdan viloyatda byuro organlarida raqamlashtirish sohasida bir qator islohotlar amalga oshirilib, aholiga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy elektron xizmatlar joriy etilmoqda.  

Korrupsiya jamiyat kushandasi. Byuroning yosh mutaxassislari, ularning ota-onalari, boshqarma tarkibiy tarmoqlari va tuman (shahar) bo‘limlarining rahbar va xodimlari ishtirokida “Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusidagi yig‘ilishlar ham muntazam  o‘tkazilmoqda.  

Har qanday huquqiy davlatda har bir qaror, har bir adolatli hukm o‘z vaqtida ijro etilishi shart. Albatta, bunda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish muhimdir.  

Bir so‘z bilan aytganda, Byuroning Xorazm viloyati boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari tomonidan olib borilayotgan tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad sud va boshqa organ lar qarorlarini ijro etib, pirovardida odil sudlovga erishishdir.

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari