Prezidentimizning 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoniga asosan, “Ijro intizomi – islohotlar garovi” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy qilingan.
Jumladan, Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan muntazam ravishda monitoring o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Monitoring davomida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida yoki yetarli darajada bajarilmaganlik holatlari aniqlanib, mas’ul va mutasaddilarga tegishli tartibda ta’sir choralari qo‘llanilmoqda.
Agar faktlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kun holatiga Andijon viloyati hokimligiga jami 1 ming 219 Prezident hujjatlarida belgilangan 10 ming 114 topshiriq ijro uchun kelib tushgan. Ushbu topshiriqlarning 7 ming 884 tasi bajarilgan. Biroq, shundan 1 ming 999 tasi muddatidan kech bajarilgan, 28 tasi esa bajarilmagan.
Prezident topshiriqlari ijrosini nazorat qilish maqsadida o‘tkazilayotgan monitoring tadbirlari davomida Prezident topshirig‘i ijrosiga mas’ul bo‘lgan xodimlar tomonidan ayrim hollarda topshiriq mazmuni to‘g‘ri tushunilmaganligi yoki uning ijrosiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmaganligi natijasida topshiriq ijrosi belgilangan muddatda ta’minlanmayotganligi ma’lum bo‘lmoqda.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarori yuzasidan o‘tkazilgan monitoring davomida yuqoridagi kabi holatlarga duch kelindi. Mazkur qarorning 3-ilovasida tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasiga muvofiq, Andijon viloyatida 2022 yilda 63 maxsus avtotransport vositasi xarid qilinishi belgilangan. Ammo monitoring jarayonida ushbu topshiriq ijrosi bajarilmaganligi, 2022 yildagi maqsadli ko‘rsatkichga to‘liq erishilmaganligi, aniqroq aytadigan bo‘lsak, topshiriq bor-yo‘g‘i 33 foizga bajarilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Prezident topshirig‘ining mazkur ilovasiga ko‘ra, 2023 yilda yana 37 maxsus avtotransport vositasi va 2 yo‘l tanlamas avtotransport xarid qilinishi belgilangan bo‘lsa-da, o‘rganish jarayonida bu kabi avtotransportlarni xarid qilish bo‘yicha hech qanday choralar ko‘rilmagan.
Tez tibbiy yordam avtoparki tizimini yangilash ishlarini ortga surib kelinayotganligi, albatta, aholiga sifatli va natijador tez tibbiy yordam ko‘rsatishda o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon viloyati filialida ayni paytda 260 tez-tibbiy yordam avtomashinasi mavjud. Ammo ularning aksariyati ma’nan eskirgan va bemorlarga o‘z vaqtida yetib borish va ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatish ishini yuqori va zamon talablari darajasida olib borish imkonini bermaydi.
Qonunchilik talablariga ko‘ra, maxsus sanitar avtotransport vositalaridan foydalanish muddatlari shahar sharoitida 8 yil, qishloq va tog‘li hududlarda 7 yil etib belgilangan. Shunga qaramay, Andijon viloyati tez tibbiy yordam tizimida ishlab chiqarilganiga 11 yildan 19 yilgacha bo‘lgan 45 dan ziyod tez-tibbiy yordam avtomashinalaridan foydalanib kelinmoqda. Qolaversa, viloyatda tizimni yagona tizimga birlashtirish (Call-markazga) topshirig‘i bo‘yicha ko‘zlangan maqsadga ham erishilmagan. Jumladan, Andijon viloyatida 2023 yilning yanvar-may oylarida Call-markazlariga 529 ming 903 va alohida amblatorlarga 22 ming 294 chaqiriqlar kelib tushgan. Ya’ni, kuniga o‘rtacha 3 ming 681 murojaat kelib tushmoqda. Ammo, o‘rganish davomida Call-markaz orqali kelib tushgan chaqiruvlarni qabul qiluvchi planshetlar bilan tez-tibbiy yordam brigadalari ta’minlanmagan, qolaversa, mavjud 245 planshet ham ish holatda emas.
Yuqoridagi holatlar tez tibbiy yordam mashinalarining o‘z vaqtida yetib kelmasligiga, tibbiy yordamga muhtoj inson hayotini saqlab qolishni murakkablashtirishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, hozirgacha tez yordam avtotransport vositalariga GPS – trekerlar va radioaloqa vositalari o‘rnatilgan bo‘lsada ularni nazorat qiluvchi serverlar yangilanmaganligi sababli, mavjud serverlar tizimdagi yuklamani ko‘tara olmayapti. Natijada, avtomashinalarning yoqilg‘i sarfi, bosib o‘tgan masofasi va uning joylashuvini onlayn rejimda nazorat qilish imkoniyati to‘liq yaratilmagan. Yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha albatta, vakolatli idoralar va mutasaddilarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, keng qamrovli va katta hajmdagi tashkiliy ishlar bajarilishini nazarda tutuvchi Prezident topshiriqlari ijrosini o‘z vaqtida bajarmaslik ortidan qator muammolar yuzaga kelishi aniq. Shu bois ham bu borada belgilangan ishlarni o‘z vaqtida bajarilishiga alohida e’tibor qaratilishi muhim.
Sarvarbek Qobiljonov,
Andijon viloyati adliya boshqarmasining
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari
ijrosini nazorat qilish sho‘’basi boshlig‘i
O‘zA