French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro hujjatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan
19:06 / 2025-07-19

Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan “Ijro etish sohasida 2025 yilning 6 oyida amalga oshirilgan ishlar, sohadagi yangiliklar va raqamlashtirish masalalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda so‘zga chiqqanlar Byuro organlari tomonidan qarorlar ijrosini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.  

Ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar-iyun oylarida Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyati boshqarmasi organlari tomonidan jami 2 trillion 980 milliard so‘mlik 243 ming 564 ta hujjatlar bo‘yicha ijro harakatlari olib borilib, 106 ming 789 ta ijro hujjatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan.

[gallery-24387]

– Ijro harakatlari natijasida 67 ming 542 ta ijro ishi bo‘yicha 628 milliard so‘mdan ortiq mablag‘, davlat foydasiga esa 300 milliard so‘m undirilishi ta’minlandi, – dedi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Nazirjon G‘afforov. – Bu ko‘rsatkichlarni 2024 yil 6 oyi raqamlari bilan taqqoslasak, joriy yilda tamomlangan ishlar soni 37 ming 796 taga va summada 583 milliard so‘mga, amalda undiruv ishlari soni 23 ming 88 taga va summada 153 milliard so‘mga, davlat foydasiga undiruv esa 180,6 milliard so‘mga ko‘paydi. Shuningdek, o‘tgan 6 oyda yuridik shaxslarga 301 milliard so‘m va jismoniy shaxslarga 27 milliard so‘mdan ziyod pul mablag‘lari undirib berilgan. Soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha 225,6 milliard, banklar foydasiga esa 164 milliard so‘mlik kredit qarzdorligi undirilgan. Kommunal tashkilotlar foydasiga undirish bilan bog‘liq 22 milliard so‘mlik ijro ishi hujjatlari tamomlangan. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalariga 25,8 milliard so‘m o‘tkazib berildi.  

Bugungi kunda Byuroning viloyat boshqarmasi ish yurituvida 1,5 trillion so‘mlik 137 mingdan ortiq ijro ishlari qoldiqda bo‘lib, ushbu ijro ishlari bo‘yicha qarzdorlarga tegishli 252 milliard so‘mlik mulklar xatlangan, 137 milliard so‘mlik mol-mulklar auksion savdolari orqali sotuvga chiqarilgan.  

O‘tgan davr mobaynida 12 ming 746 ta ijro hujjati bo‘yicha 86 milliard so‘mga yaqin aliment pullari undirilgan. Ijro harakatlari jarayonida 298 ta oila yarashtirilib, 274 nafar aliment to‘lovchi ishsiz qarzdorlarning bandligi ta’minlangan.

Tezkor tadbirlarda qarzdorligini to‘lamay yurgan qidiruvdagi 209 nafar shaxs topilgan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan 447 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan, ma’muriy jazoga tortilganidan xulosa chiqarmagan qarzdor 22 nafar otalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi kunda Byuro tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ijro ishini yuritish tizimini raqamlashtirish, majburiy ijro tizimi tezkorligi va samaradorligini ta’minlash hamda qaror qabul qilishda inson omilini kamaytirish mexanizmlarini joriy etishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari, Kadastr agentligi, Soliq qo‘mitasi, Markaziy Bank va boshqa vazirlik hamda tashkilotlarning jami 68 ta axborot tizimi “MIB-Portal” elektron dasturiga integratsiya qilingan.

Ayni paytda davlat ijrochisi tomonidan olib boriladigan 36 ta ijro harakatlaridan 22 tasi inson omilisiz axborot tizimlari tomonidan amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Byuroning Navoiy shahar bo‘limida bodi kameralarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida sinov tariqasida ijro harakatlari olib borish jarayonida foydalanib kelinmoqda.

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari