O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi va uning tuman hamda shahar bo‘limlari tomonidan 2025 yilda sud hujjatlari va vakolatli organlar qarorlarini ijro etishda salmoqli natijalarga erishildi. O‘tgan yil davomida umumiy 376 mingta, qiymati 4,89 trln. so‘mlik ijro hujjati amalga oshirildi. Shulardan 264 mingta ijro hujjati bo‘yicha 1,73 trln. so‘m mablag‘ amalda undirildi, bu esa davlat foydasiga 1 trln. 9 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ kiritilishini ta’minladi.
– Soliq va davlat boji undiruvlari ham e’tiborga molik natijalar berdi. Qariyb 888 mlrd. so‘m soliq qarzlari to‘landi, qarzdorlarga tegishli 145 mlrd. so‘mlik mol-mulk auksionga chiqarildi, – deydi Majburiy ijro byurosi Sirdaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Farrux Babatayev. – Davlat boji bo‘yicha 80 mlrd. so‘m miqdoridagi ma’muriy va jinoiy jarimalarning 47 mlrd. so‘mi undirildi.
Fuqarolarning huquqlarini ta’minlashda ham e’tiborli natijalar qayd etildi. Jismoniy shaxslar foydasiga 38 mlrd. so‘m, yuridik shaxslar foydasiga 682 mlrd. so‘m mablag‘, banklar foydasi uchun esa 281 mlrd. so‘m mablag‘ amalda undirildi va qarzdorlarga tegishli 418 mlrd. so‘mlik mulk auksionda sotildi.

Aliment undirish sohasida ham e’tiborli natijalar qayd etildi. 67 mlrd. so‘mdan ortiq aliment mablag‘i undirildi, shuningdek 2 847 ta oilaviy yarashuv orqali oilalar tiklandi. Mehnat yarmarkalari orqali 959 nafar aliment to‘lovchi qarzdor doimiy ish bilan ta’minlandi, shuningdek 28 nafar undiruvchiga 1 mlrd. 473 mln. so‘m aliment pullari to‘lab berildi.
– Aliment pulini to‘lashdan bo‘yin tovlagan qarzdorlardan 363 nafari ma’muriy, 34 nafari jinoiy javobgarlikka tortilib, jazo muqarrarligi ta’minlandi. Shuningdek, 409 nafar qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilindi, qidiruv harakatlari davomida 251 nafar shaxs topildi, 90 nafari esa davlatlararo qidiruvga berildi, – deydi byuroning qidiruv shu’basi katta inspektori Ibrohim Berdiyev.
Mamlakat Prezidentining farmoniga muvofiq, ehtiyojmand aholi uchun davlatga undirilgan mablag‘lar hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 99 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Shu bilan birga, elektr va gaz ta’minoti korxonalari foydasi uchun 57 mlrd. so‘m, boshqaruv servis kompaniyalari foydasi uchun esa 3,1 mlrd. so‘m qiymatdagi ijro hujjatlari amalga oshirildi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari ham samarali ko‘rib chiqildi: jami 9 867 ta murojaatdan 6 034 tasi qanoatlantirildi, 3 285 tasiga tushuntirish berildi, va 5 002 nafar fuqarolarning huquqlari tiklandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri