Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro hokimiyati: xalqchillik va ochiqlik sari
15:50 / 2022-06-24

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Vazirlar Mahkamasi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga oid bildirilgan konstitutsiyaviy takliflardan davlat boshqaruvini “davlat – inson uchun” tamoyili asosida takomillashtirishga bo‘lgan intilishni yana bir bor ko‘rish mumkin.

Mazkur takliflarning mazmun-mohiyati haqida Toshkent davlat yuridik universitetining Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi mudiri Bekzod Narimonov bilan suhbatlashdik.

– Aytingchi, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala – joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratish masalasi Konstitutsiyada aks etishi nimalarni anglatadi. Siz bunga qanday qaraysiz? Shuningdek, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash taklif etildi. Mutaxassis sifatida mazkur taklifning mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga tushuntirib bersangiz.

– Juda ham yaxshi taklif bo‘ldi. Mazkur islohotni ancha yillardan beri kutib yurgandik. Hokim mahalliy kengashga rahbarlik qilganda, xuddiki hokim o‘z qarorlarini mahalliy kengash qo‘li bilan mustahkamlab olayotgandek ko‘rinardi.

Ijro bo‘g‘ini faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

– mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 11 ta funksiya va vakolatini tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalariga o‘tkazish;

– davlat organlari va tashkilotlari tomonidan fuqarolardan 32 turdagi hujjatlar talab etilishi, shuningdek, ularning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilishi taqiqlandi;

– 29 ta idoralararo hay’at organlari tugatildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida hokimliklarda qariiyb 300 ta vazifa va funksiya mavjudligi, ularning 175 tasi ularga xos emasligi va boshqa idoralar funksiyalarini takrorlashi, bu esa ularning faoliyati yetarli darajada samarali emasligi va ortiqcha qog‘ozbozliklar mavjudligidan dalolat berishini ta’kidladi. Mazkur holat ijro hokimiyati organlari faoliyatini oshirish bo‘yicha qilinadigan ishlar talayligini ko‘rsatadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va aholini qiynayotgan muammolarni aniqlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish qisqa muddatda fuqarolarning davlat organlariga ishonchini oshirish, xususan, xalq bilan davlat ahamiyatiga molik masalalarni bevosita muhokama qilish, yurtdoshlarimizning har bir dolzarb mavzuga doir fikr va mulohazalarini o‘rganish imkonini berdi. 

Mazkur jarayonning ahamiyatli jihati shundaki, xalqimiz o‘z vakillari, ya’ni deputatlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini nafaqat kuzatib, balki nazorat qilib bormoqda. Ijro hokimiyati organlarining vakillik organlari oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish hokimiyatning ijro bo‘g‘ini demokratiya darajasini aniqlab beruvchi O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidaning Konstitutsiyadan chiqarib tashlanishi hokimiyatning tiyib turilishi qoidasiga to‘liq mos keladi, hokimning mahalliy kengash oldidagi hisoboti ham, istiqboldagi vazifalari ham deputatlar tomonidan hech qanday bosimsiz erkin muhokama qilinadi, xolis baholanadi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida davlat organlari rahbarlari va hokimlarning fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalari qay darajada hal etilayotgani to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam eshitish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga, joylardagi vakillik organlari faoliyatiga Kengash so‘rovini joriy etish va hokimlar o‘ziga taqdim etilgan vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini aniqlash imkonini beruvchi yangi nazorat tizimini yaratish taklif etildi. 

Shu asosda mahalliy byudjetlar qo‘shimcha daromadlarini taqsimlash, nafaqalarni adolatli belgilash, ijro organlari rahbarlari faoliyatini baholash, Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish asnosida amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Mazkur tashabbuslar hokimning deputatlar timsolidagi vakillari orqali xalq bilan uzluksiz muloqotini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, xalqni jamiyat hayotidagi yangiliklardan xabardor qilish va xalq tomonidan saylangan deputatlar orqali hukumat faoliyatini baholash amaliyoti mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi real voqelikka aylanib bormoqda.

Shu sababli mahalliy ijro va kengashlar vakolatlarini aniq ajratish va hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash, o‘z navbatida, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’uliyatini belgilash lozimligi taklif etildi. Aytingchi, mazkur dolzarb vazifalar Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi nima beradi?

 Darhaqiqat, ekologiya, yoshlar siyosatini amalga oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish, qulay jamoat transportini rivojlantirish, aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar zamonaviy davlat uchun eng muhim yo‘nalishlar hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qo‘shimchalarning Konstitutsiyaga kiritilishini yoqlayman. Men alohida e’tibor berganim bu ekologiya, jamoat transportini rivojlantirish va aholining dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratishdir. Ushbu sohada muammolar yig‘ilib qolgan.

Hokimlar ushbu qo‘shimchalarning kiritilishini kutmasdan bugundan boshlab ushbu sohalar bo‘yicha alohida hududiy dasturlar ishlab chiqishi kerak.

Bugun jamiyatimizni tashvishga solayotgan va mansabdorlarning e’tiboridan chetda qolayotgan sohalar ushbu taklifda aniq qilib ko‘rsatilgan. Masalan, Konstitutsiya darajasida mansabdor shaxslarning ekologiya va ijtimoiy sohadagi ishlar uchun mas’uliyatini belgilash masalasini barchamiz his qilib turibmiz. 

Yaqinda e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Toshkent shahrining “yashillik” darajasi 26 foizni tashkil qilar ekan. Boshqa hududlarimizchi? Mazkur yo‘nalishlar hokimlarning faoliyatiga baho berish indikatorlari sifatida belgilanishi lozim.

Mamlakatni rivojlantirishning zamonaviy bosqichida keng miqyosli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda Yangi O‘zbekiston maqsadlariga erishish davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali va sifatli tizimini yaratish, joylardagi davlat boshqaruvi va ijro hokimiyati organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil qilishni taqozo etadi.

Hozirgi vaqtda Qonunchilik palatasida amal qilayotgan yangi mexanizm, ya’ni Bosh vazir va Hukumat a’zolari tomonidan Oliy Majlisga muhim parlament qarorlari va qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish bilan bir qatorda, davlat dasturi ijrosi haqida chorak hisobot taqdim etish amaliyoti takomillashtirilmoqda. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” instituti kiritilib, uning davomida Hukumat a’zolari deputatlar savollariga javob beradi, 2019 yildan esa quyi palata tomonidan Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish amaliyoti amal qilmoqda.

Demak, mazkur konstitutsiyaviy normaning joriy etilishi Vazirlar Mahkamasi va hokimliklarning yuqorida keltirilgan eng og‘riqli va zarur yo‘nalishlar bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazoratida bo‘lishiga olib keladi. Bu esa, o‘z o‘rnida, har birimizning kundalik turmushda yuzaga kelayotgan muammolarimizga samarali yechim topilishiga olib keladi degandir.

Mazkur tashabbusni amalga oshirish ijro hokimiyati samaradorligini sezilarli ravishda oshirish, davlatning xalq bilan muloqotini sifat jihatdan yangi bosqichga oshirish va joylardagi muammolarni ta’sirchan hal etish imkonini beradi.

O‘zA