Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro harakatlarining samarasi yuqori bo‘lmoqda
11:21 / 2025-09-25

Boyovut tuman hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda byuroning tuman bo‘limi rahbari Bahrom Odilov 2025 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, hisobot davrida bo‘lim ish yurituviga jami 21 301 ta ijro hujjati kelib tushgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 289,1 milliard so‘mni tashkil etgan. Shundan 15 434 ta hujjat (148,1 mlrd so‘m) to‘liq ijro etilgan, 9 250 ta hujjat (62,1 mlrd so‘m) bo‘yicha esa undirish ishlari yakuniga yetkazilgan.

Ijro harakatlari natijasida davlat foydasiga 62,1 milliard so‘mlik 4 147 ta hujjat, soliq idoralari foydasiga 12,7 milliard so‘mlik 1 769 ta hujjat, tijorat banklari foydasiga 4,4 milliard so‘mlik 718 ta hujjat, korxona va tashkilotlar foydasiga esa qariyb 25 milliard so‘mlik 2 168 ta hujjat ijro qilingan. Shuningdek, elektr, gaz va suv ta’minoti korxonalari manfaatiga tegishli 400 dan ortiq ijro hujjati amaliy yechimini topgani qayd etildi.

Bahrom Odilovning ta’kidlashicha, majburiy ijro tizimi faqat qonun talablarini bajarish bilan cheklanmaydi. Uning ahamiyati fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat va jamoat tashkilotlari uchun iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashda ham namoyon bo‘ladi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, ijro jarayonida zamonaviy texnologiyalar va elektron platformalardan samarali foydalanish, majburiy ijro tizimini takomillashtirish hamda aholi uchun qulaylik yaratish masalalari muhokama qilindi. Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari va aholi bilan ochiq muloqotning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri