Davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi raisining o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov farmonning ahamiyati va muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Prezidentimizning mazkur farmoni konstitutsiyaviy qadriyatlarni mustahkamlash, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda inson huquqlarini himoya qilishning amaliy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan muhim siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Huquqiy davlat barpo etish yo‘lidan qat’iy borayotgan Yangi O‘zbekiston uchun Konstitutsiyaning hayotdagi o‘rni va amaldagi ta’siri hal qiluvchi ahamiyatga ega. Konstitutsiya faqat davlat tuzilishi va hokimiyat vakolatlarini belgilab beruvchi asosiy qonun emas, balki inson huquq va erkinliklarining eng oliy kafolatidir. Shu ma’noda, Konstitutsiya ustunligini ta’minlash mexanizmi bo‘lgan konstitutsiyaviy nazorat institutining samarali faoliyat yuritishi huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.
Uning mazmun-mohiyati, avvalo, Konstitutsiyaviy sudni fuqarolar va yuridik shaxslar uchun haqiqiy himoya vositasiga aylantirish g‘oyasi bilan uzviy bog‘liq. Davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor maqsadlar Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada xalqchil, ochiq va samarali qilishni ko‘zda tutadi. Xususan, fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashga xizmat qiluvchi mexanizmlarni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu yondashuv Konstitutsiyani mavhum normalar yig‘indisi emas, balki har bir inson hayotida amal qiladigan, uning huquq va erkinliklarini real himoya qiladigan hujjat sifatida namoyon etadi.
Farmonda alohida ta’kidlangan jihatlardan biri — Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishdir. Amaliyotda ko‘p hollarda fuqarolar huquqiy murakkabliklar, vakolatlar chegarasi yoki rasmiy tartiblar sababli o‘z murojaatini oxirigacha yetkaza olmas edi. Yangi yondashuv esa murojaat qilgan shaxsning ovoragarchiligini kamaytirish, uning huquqiy muammosi e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlashga qaratilgan. Shu orqali davlat va fuqaro o‘rtasidagi huquqiy muloqot sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tariladi.
Farmon Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini kengaytirish orqali ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazorat o‘rnatishni ham nazarda tutadi. Bu jihat huquqiy davlat nazariyasi nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega. Chunki hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida muvozanat va o‘zaro tiyib turish mexanizmi samarali ishlagandagina Konstitutsiya ustunligi ta’minlanadi.
Unda belgilangan normalar Konstitutsiyaviy sud qarorlarining faqat tavsiyaviy emas, balki aniq huquqiy oqibatlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Jumladan, muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaviy sud tomonidan Konstitutsiyaga muvofiq emas, deb topilgan taqdirda, ushbu ish bo‘yicha sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatining yaratilishi inson huquqlarini tiklashda muhim qadamdir. Bu holat Konstitutsiyaviy sud qarorlarining sud amaliyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishini ta’minlaydi.
Shuningdek, sudlar tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat kiritilgan taqdirda ish yurituvini to‘xtatish mexanizmini joriy etish qonunlarni qo‘llashda yagona yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi. Bu amaliyot orqali turli sudlar tomonidan bir xil huquqiy normalarning turlicha talqin qilinishining oldi olinadi, sud qarorlarining barqarorligi ta’minlanadi. Natijada Konstitutsiya normalari asosida Konstitutsiyaviy sud butun sud tizimi uchun huquqiy yo‘l-yo‘riq beruvchi markaziy institut sifatida yanada mustahkamlanadi.
Konstitutsiyaviy shikoyat institutini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Mazkur institut fuqarolarning Konstitutsiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri himoyalanishini ta’minlovchi muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi. Yangi tartibga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yuborilgan murojaat tegishli vakolatli sub’ektga yo‘naltiriladi. Agar murojaatda ko‘tarilgan masala Konstitutsiyaviy sudga kiritilmagan bo‘lsa, fuqaro yoki yuridik shaxsga asosli huquqiy tushuntirish berilishi nazarda tutilgan. Bu yondashuv davlat organlarining fuqaro oldida hisobdorligini oshiradi hamda har bir murojaatga befarq qaralmasligini ta’minlaydi.
Farmonning eng muhim va zamonaviy yo‘nalishlaridan biri – Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirishdir. Raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali sud faoliyatida shaffoflik, ochiqlik va samaradorlikni oshirish maqsad qilingan. 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida elektron murojaat, onlayn kuzatuv, videokonferensaloqa, interaktiv xizmatlar, sud majlislarini jonli efirda uzatish kabi imkoniyatlar yaratiladi. “E-KSUD” axborot tizimining joriy etilishi Konstitutsiyaviy sudni jamiyatga yanada yaqinlashtiruvchi, ochiq va zamonaviy institutga aylantiradi.
Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus shart-sharoitlarning yaratilishi inson qadr-qimmatini ulug‘lash va teng imkoniyatlar tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro inson huquqlari standartlariga sodiqligini yaqqol namoyon etadi.
Farmonda, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan choralar ham nazarda tutilgan. Qo‘shimcha shtat birliklarining ajratilishi, mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish shartlarining sudyalar maqomiga yaqinlashtirilishi Konstitutsiyaviy sud mustaqilligining institutsional kafolatlarini kuchaytiradi. Bu choralar sud apparatida yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, qarorlarning sifati va asoslanganligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Umuman olganda, mazkur farmon Konstitutsiyaviy sudni fuqarolar huquqlarining haqiqiy himoyachisi, davlat hokimiyati organlari ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi, ochiq, shaffof hamda zamonaviy sud instituti sifatida yanada mustahkamlaydi.
Bu hujjat “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida huquqiy davlat, adolatli jamiyat va inson qadrini ulug‘lash g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etib, mamlakatda konstitutsiyaviy madaniyatni shakllantirish va mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.
N.Abduraimova, O‘zA