Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro etish tizimi takomillashmoqda
14:05 / 2026-01-31

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda sohani raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish va davlat ijrochilarining ish yuklamasini kamaytirish, ijroni soddalashtirilgan tartibda ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

2025 yilda MIB viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan jami 4 trillion 562 milliard so‘mlik 384 ming 979 ta ijro hujjatlari yuzasidan ijro tadbirlari amalga oshirilgan. Hisobot davrida boshqarma tomonidan jami 2 trillion 817 milliard so‘mlik 221 ming 323 ta ijro hujjatlari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinib, 147 ming 626 ta ijro ishlari bo‘yicha amalda 1 trillion 365 milliard so‘m mablag‘ undirilgan. 

– Mulkiy undiruvlarga oid ijro ishlari bo‘yicha amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida davlat foydasiga 709,5 milliard so‘m, yuridik shaxslar foydasiga 607 milliard so‘m, jismoniy shaxslar foydasiga esa 49 milliard so‘m pul mablag‘lari amalda undirildi, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Nazirjon G‘afforov. – Shuningdek, soliq qarzini undirish bilan bog‘liq 16 ming 472 ta ijro ishlari bo‘yicha 564,3 milliard so‘m va banklar foydasiga 10 ming 218 ta ish yuzasidan 365,1 milliard so‘m mablag‘ undirilishiga erishildi.

Yakunlangan yilda “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga 53,1 milliard so‘m pul mablag‘lari undirilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yil yakuniga solishtirganda qariyb 15,5 milliard so‘mga ko‘p degani. 

Shuningdek, qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 12 nafar shaxs ishga tiklanib, ularga to‘lanmay qolgan 1,5 milliard so‘mlik ish haqlari undirildi.

Bundan tashqari, yil davomida 648 nafardan ortiq oila yarashtirilib, majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan jami 179,3 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undiruvchilarga undirib berildi. Aliment undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ushbu toifaga kiruvchi 562 nafar aliment to‘lovchi otalar ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta’minlandi. Shu bilan birga, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan 797 nafar shaxslarning ma’muriy va 44 nafarining jinoiy javobgarlik masalasi hal etildi. Tezkor tadbirlarda qidiruvda bo‘lgan 453 nafar shaxs topildi. 

Matbuot anjumanida ijro ishini yuritish tizimini raqamlashtirish va qaror qabul qilishda inson omilini kamaytirish mexanizmlari yuzasidan ham ma’lumot berildi. 

– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 3 yanvardagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashti¬rish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan raqamlashtirish jarayoni ijro tizimiga izchillik bilan tatbiq etilib, hujjat aylanmasi va ko‘pgina ijro harakatlari elektronlashtirildi, “Majburiyatlar reyestri” va “Kafolat mablag‘ini kiritish” kabi bir qator institutlar joriy etildi, – deydi boshqarma katta inspektori Rustam Qahramonov. – Bu ijro etish samaradorligini baholash, idoralararo hamkorlik qilish, xodimlarning ish hajmini tahlil va monitoring qilish imkonini bermoqda.

Byurodagi yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, byuroning “MIB-portal” dasturi 39 ta vazirlik, idora va tashkilotning 68 ta axborot tizimiga integratsiya qilinib, sudlar hamda 52 ta ma’muriy organdan ijro hujjatlarini elektron tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

[gallery-27403]

Bugungi kunda ijro sohasiga axborot texnologiyalarining keng joriy etilishi natijasida 36 turdagi ijro harakatidan 22 tasi “MIB-portal” dasturi orqali amalga oshirilmoqda. Qarzdorlar har bir ijro harakati, jumladan, qo‘llanilgan cheklovlar to‘g‘risida avtomatik ravishda xabardor qilinayotgan bo‘lib, SMS xabarlar yuborish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ijro jarayonida mulkni begonalashtirish orqali to‘lovdan bo‘yin tovlash holatlarining oldini olish maqsadida qarzdorlarga tegishli mulklarni aniqlash, ularga taqiq qo‘yish, transport vositalarini qidiruvga berish, yuridik shaxslarning hisob raqamlariga inkasso va band qo‘yish jarayonlari raqamlashtirildi. Shuningdek, fuqarolarni ortiqcha ovora qilishni kamaytirish va davlat ijrochilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zaruratini qisqartirish maqsadida elektron to‘lov tizimlari orqali qarzdorlik bartaraf etilgan taqdirda qo‘llanilgan cheklov va taqiqlarni bekor qilish hamda ijro hujjatini yakunlash jarayonlari avtomatik tarzda amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari