English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijro choralari orqali bolalar huquqlari ta’minlanmoqda
12:08 / 2025-11-14

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan bola huquqlarini tiklash va aliment qarzdorlaridan aliment undirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Bo‘lim xodimlari ma’lum qilishicha, hozirda voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish bo‘yicha 1 238 ta ijro hujjatlari ro‘yxatda turibdi. Shulardan 233 tasi muvaffaqiyatli ijro qilingan, ya’ni qarzdorlar aliment to‘lovlarini to‘liq to‘lagan, 1 005 ta ijro hujjatlari esa ijrosi esa hozircha ta’minlanmagan.

Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi boshlig‘i Dostonbek Husanovning so‘zlariga ko‘ra, ijro jarayonida tomonlar o‘rtasida yarashuvlarni tashkil etish muhim ijobiy natija bermoqda. Tamomlangan ijro hujjatlaridan 147 tasi bo‘yicha qarzdor va aliment oluvchi oila a’zolari o‘zaro kelishib, oilalarni qayta tiklashga erishildi.

Joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish orqali umumiy 4 mlrd 116,7 mln so‘m mablag‘ yig‘ildi va undiruvchilarning bank kartalariga o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich ijro byurosi faoliyati samaradorligini ko‘rsatadi va bolalarning moddiy ta’minotini ta’minlaydi.

Byuro huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda ma’muriy va jinoyat choralarini qo‘llamoqda. Jumladan, 16 nafar qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 474-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tuman jinoyat sudi tomonidan ma’muriy javobgarlikka tortish amalga oshirildi. Shu bilan birga, o‘z majburiyatini bajarmay kelayotgan 3 nafar qarzdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Qarzdorlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash ham nazarda tutilmoqda. Joriy yilning 10 oyi davomida o‘tkazilgan 2 ta mehnat yarmarkasidan 10 nafar qarzdorga ish joyi topildi. Bu choralar ularni aliment to‘lashda qo‘shimcha stimul bilan ta’minlaydi.

Guliston tumani Majburiy ijro byurosi rahbariyati aholi, ayniqsa, bolalarning huquqlarini himoya qilish va ijro samaradorligini oshirish borasidagi ishlar bundan keyin ham izchil davom etishini ma’lum qildi.

G‘ulom Primov, O‘zA