Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodning mashaqqatli yo‘li
13:19 / 2024-07-13

So‘nggi yillar o‘zbek adabiyotida yangilanish jarayonlari davom etayotir. Ayniqsa, istiqlol arafasida muhtasham ijod bog‘iga sara gullar qo‘shilgani dillarni yayratadi. XX asrning 90-yillarida nasr va dramaturgiya bilan bir qatorda, she’riyat ham yangi pog‘onaga ko‘tarildi.

Negaki, keyingi davrda kirib kelgan iste’dodli ijodkorlar nazmning ravnaqiga munosib ulush qo‘shmoqdalar. Ayniqsa, Eshqobil Shukur, Aziz Said, Zulfiya Mo‘minova, Zebo Mirzayeva, Yahyo Tog‘a, O‘roz Haydar, Vafo Fayzulloh singari shoirlarning asarlari kitobxonlarning ma’naviy mulkiga aylangan. 

Yuqorida tilga olingan qalam sohiblari bilan bir safda turib, she’riyat bog‘ini gulga burkayotgan, ijodda o‘z ovozi, uslubiga ega bo‘lgan iste’dodli va jonkuyar shoirlardan biri Turob Niyozdir.

             Ishqda firoq bo‘lmasa,

             Yoring yiroq bo‘lmasa.

             Visol bir dengiz bo‘lib,

                    Unda qirg‘oq bo‘lmasa         

Taniqli shoir Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Qoratosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Toshkent davlat universitetining Jurnalistika fakultetini 1985 yilda tugallagan. Shundan keyingi davrda “Kamalak” hamda “O‘zbekiston” nashriyotlarida muharrir vazifasida faoliyat ko‘rsatdi. “Tong yulduzi” gazetasining bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi. Bir necha yillar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” telekanalida xizmat qildi.

Elga tanilgan shoir Turob Niyozning ilk kitobi – “Muhabbat osmoni” 1993 yili nashr etilgan edi. Keyingi yillarda esa uning “Muhabbat gullari” (2006), “Ochiq yurak” (2008), “Ko‘ngilga murojaat” (2011), “Ummon tomchilari” (2013), “Men izlagan odam” (2016), “Ulug‘ muhabbat (2017), bolalar uchun yozilgan “Yulduzning orzusi” (2016), “Orzuli dunyo” kitoblari dunyo yuzini ko‘rdi.   

Yuzingning tiniqligi shabnamlarga qiyosdir,

Qoshingning qoraligi qalamlarga qiyosdir.

Bir boqishda yurakni olovday yondirishing,

Ertakdagi parilar, sanamlarga qiyosdir.

Bu kabi lirik, go‘zal satrlar muallifi Turob Niyoz “Muhabbat gullari” kitobi uchun 2007 yil “Eng ulug‘, eng aziz”, bir turkum she’lari uchun 2018 yil “Posboniman muqaddas yurtning” hamda 2021 yilda esa “Orzuli dunyo”  kitobi uchun “Vatan uchun yashaylik” Respublika tanlovlarining sovrindori bo‘ldi. 

Fidoyi va izlanuvchan shoir Turob Niyozning yuzdan ziyod qo‘shiqlari  xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilayotganini ham alohida qayd etish kerak.                             

Oy nedir, quyosh nedir, sening yuzing turganda,

Bol nedir, shakar nedir, sening so‘zing turganda.

Boqsam dilim yorishar, misoli tongga o‘xshar,

Chaqmoq nedir, chiroq nedir, sening ko‘zing turganda.

kabi  she’r, g‘azallarini ham xonandalar ijro etsalar qanday yaxshi! Chunki, bu asarlarda tuyg‘ular quyilib kelaveradi, ohang so‘zga mos, tinglaganda diling yayraydi, ko‘ngilda hissiyotlar tug‘yon uradi.

Shoir she’rlari haqida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli adabiyotshunos olim Saydi Umirov shunday deb yozgandi:  “Turob Niyoz she’rlarida Vatan, xalq, ona, yor, gul, bog‘, muhabbat kabi so‘zlar ko‘p uchraydi. Bu – tabiiy, ham mantiqiy. Shoir nima haqida yozmasin, bevosita, bilvosita katta muhabbatga borib taqaladi. Ash’orlarining eng ko‘pi, sarasi Vatan, ona, yor haqida. Bu uch muqaddas mavzu har bir shoir singari Turobjonni ham sinovdan o‘tkazadi, imtihon qiladi. O‘z bahosini  qo‘yadi...” 

Izlanuvchan ijodkor Turob Niyoz she’rlarida original tashbehlar, simvollar asar badiiyligini, obrazliligini ta’minlagan omillardir. Shoirning o‘ziga xos uslubi bor. Uning keyingi yillarda yaratgan asarlarida ham yorqin, o‘quvchining esida qoladigan fikrlar, tafakkurini boyitadigan, unga zavq bag‘ishlaydigan satrlar talaygina.

Turob Niyoz asarlari janr jihatidan ham xilma-xil: she’ru g‘azallar, to‘rtliklar, ikkiliklar, tuyuqlar. Shuningdek, uning xalq og‘zaki ijodi ruhida yozilgan she’rlarini ham maza qilib o‘qiysiz. Masalan, ushbu ikkiligiga e’tibor bering:                                      

Ko‘rgan shirin tushing o‘ngidan kelsa,

       Qayg‘u, tashvishlaring tushga aylansa.       

Turob Niyoz joriy yilning aprel oyida avval Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Ishtiyoq” nomli she’rlar to‘plamining taqdimotini o‘tkazdi. Unda so‘z olgan taniqli ijodkorlar, jumladan Abdusaid Ko‘chimov, Umida Abduazimova, Gulchehra Shahobiddin qizi, Abdujalol Taypatov, Guljahon Mardonova va boshqalar shoir ijodining o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘lqinlanib gapirar ekan, shoir she’rlari o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilayotganini  alohida ta’kidlab o‘tdi.         

Lekin, bugungi kun shoiriga ham qiyin. Chunki hozirgi zamon o‘quvchisini qoyil qoldirish, hayratlantirish oson emas. Shuning uchun shoir she’rni shunday yozishi kerakki, uni o‘quvchi axtarsin, ajoyib, zo‘r she’r chiqibdi, topishim kerak, deb yursin.

Vatan, shunday azizki, yo‘qdir aslo qiyosi,

Umringa umr qo‘shar, nurday toza havosi.

Kezsang, tog‘-bog‘larini, simirsang buloqlarin,

Doridek shifobaxshdir,tengsiz erur davosi.

Gulzoridan esganda, yayraydi butun tanang,

Naqadar oromga kon, erkalovchi sabosi.

 

Yerdan olib yuksakka ko‘targaydir bir zumda,

Yangraganda yoqimli, diltortar, zo‘r navosi.

O‘qisang tarixini, cho‘mgaydirsan o‘ylarga,

Xuddi bir ummondayin cheki yo‘q, yo‘q adosi.

 

                             Elin yuragi ochiq, saxiyu bardoshlidir,

                            Dunyolarga ko‘rk bo‘lar teran aql, dahosi.

                      Turob  ham shu vatanning sodiq bir o‘g‘lonidir,

                            Uni doim hur ko‘rish maqsadi, muddaosi.

Shoir ijtimoiy tarmoqlarda ham faol. Uning badiiy jihatdan pishiq asarlarini Feysbuk orqali ham minglab muxlislar o‘qib borayotgani quvonarli holdir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir    Turob Niyoz bugun 65 yoshga to‘ldi. U endi kamolotga yetgan, ijodiy parvozlar sari shaylanayotgan damlarni boshdan kechirmoqda. Shoirning hayoti va ijodiga doir fikr va mulohazalarimizni  uning yuqorida keltirib o‘tgan g‘azalidagi ushbu  satrlar bilan tugallashni ma’qul ko‘rdik: 

Avjga  chiqar gul nozi, eshitib bulbul rozin,

Gulning bu nozi nadir, sening nozing turganda.

Dunyoda go‘zallar ko‘p, bir-biridan o‘tar xo‘b,

Turobga ular nadir, sening o‘zing turganda.

Jovli XUSHBOQ,

 O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi,

adabiyotshunos