Shoir va jurnalist, tashkilotchi qalamkash Boyjigit Abdullayevning 75 yoshlik yubileyi munosabati bilan Sirdaryo tumanidagi "Barxan" dam olish oromgohida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Sirdaryo, Jizzax va Namangan viloyatlaridan tashrif buyurgan taniqli va faxriy jurnalistlar ishtirok etishdi.
Boyjigit Abdullayev o‘z faoliyatini “Yangi hayot” gazetasida muxbir sifatida boshlab, keyinchalik Baxmal va Boyovut tumanlari gazetalari tahririyatlarida, Shirin shahar radiosida jurnalistik faoliyat olib borgan. 1993 yilda “Sihat-salomatlik” gazetasiga bosh muharrir sifatida tayinlangan. 1994-2014 yillarda “Ma’rifat chashmasi” viloyat gazetasida bosh muharrir sifatida samarali ishlab, mahalliy matbuotda yangi uslub va mazmun shakllanishida muhim rol o‘ynadi.

“Ma’rifat” respublika gazetasining Sirdaryodagi muxbiri, “Sayxun”, “Universitet ovozi”, “Ma’rifat ko‘zgusi” viloyat nashrlarida bosh muharrir bo‘lgan.
2018 yildan buyon esa O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning tashabbusi va rahbarligida media-turlar, ijodiy uchrashuvlar, tajriba almashish seminarlari, viloyat jurnalistlarini kasbiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yubiley tadbirida Boyjigit Abdullayevning she’riy salohiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Uning “Toza ruh”, “Tazarru manzili”, “Yashasin muhabbat”, “Muhabbat ohanglari”, “Qismat qo‘shig‘i”, “Muhabbat qo‘shiqlari” kabi to‘plamlari kitobxonlar mehrini qozongan.
Yaqinda nashrdan chiqqan “Tarannum” nomli saylanma adabiyot ixlosmandlari uchun tuhfa bo‘ldi. Tadbir doirasida ushbu kitobning taqdimoti ham o‘tkazildi.
Yubiley marosimida so‘zga chiqqanlar –O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, uyushmaning Namangan viloyat bo‘limi rahbari Nosirjon Dehqonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova, jizzaxlik jurnalist Abdujalol Qayumov, “Adabiyot va zamon” gazetasi bosh muharriri Alisher Nurboyev, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bosh muharriri Bahrom Boymurodov va boshqalar Boyjigit Abdullayevning ijodiy va tashkilotchilik faoliyati, matbuot rivojiga qo‘shgan hissasi, inson sifatidagi fazilatlari haqida samimiy fikrlar bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri