Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkorlarning yosh harbiylarga sovg‘asi
16:53 / 2026-02-04

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda askar va kursantlar uchun chop etilgan “Mard askarga sovg‘a” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo  yoshlarni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda milliy adabiyotimizning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi. 

–  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev yoshlarimizni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalasiga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda, – dedi Minhojiddin Mirzo. – Harbiylik libosi mardlik, sadoqat, Vatan xizmatiga doim shay bo‘lgan o‘g‘lonlar libosidir. Jahongir bobomiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ajdodlarimiz jasorati haqida so‘zlovchi asarlar yoshlar qalbiga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi. Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblar ham harbiy o‘g‘lonlarimiz yonlarida olib yurishi uchun mo‘’jaz shaklda tayyorlangan. So‘zda ulkan kuch-qudrat bor. U har qanday insonni yengilmas kuchga, metin iroda, jasorat ramziga aylantiradi. Bu kitoblarning har bir satrida ana shunday kuch, quvvat,  qudrat, ruh bor.  

Tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining 2025 yil 1 dekabrdagi tegishli farmoyishida belgilangan vazifalar yuzasidan ushbu kitoblar taqdimoti o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.  

Yozuvchilar uyushmasi tomonidan harbiy xizmatchilar uchun “Mard askarga sovg‘a” ruknida yetti nomdagi kitob nashrga tayyorlandi. Ulardan beshtasi she’riy va 2 tasi nasriy kitobdir. Ushbu to‘plam jami 10 ming nusxada chop etilib, harbiy qismlar va ta’lim maskanlariga yetkazilgan.  

Kitoblar o‘zbek milliy adabiyoti vakillarining ijod namunalarini o‘zida jamlagan bo‘lib, she’r va hikoyalarda  vatanparvarlik, burchga sadoqat, insonlik sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lash kabi g‘oyalar yetakchilik qiladi.  

Turkumda adiblarimizning ona-Vatanga sadoqat, mardlik va jasorat, fidoyilik kabi g‘oyalar tarannum etilgan eng sara hikoyalar, she’rlar va dostonlaridan parchalar, shu mazmundagi mashhur qo‘shiqlarning matnlari jamlangan.  

“Mard askarga sovg‘a” turkumida chop etilgan kitoblar “Bobomeros tuyg‘u” (hikoyalar), “Askar onasi” (hikoyalar), “Olimpiada ilhomlari”(she’rlar), “Ota makon” (she’rlar), “Vatanni har kimga ishonib bo‘lmas”  (she’rlar), “Mehring bilan yashaymiz, Vatan!” (she’rlar), “Er yigit yurtidan kechmaydi” (she’rlar) kabilardir.  

To‘plamni jamlashda yoshlar ijodiga ham katta e’tibor berilgan. Taqdimot tadbirida yig‘ilganlarga “Mard askarga sovg‘a” turkum kitoblari hadya etildi.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri