English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkorlarning mualliflik huquqini ta’minlash dolzarb masala
19:09 / 2022-08-05

Madaniyat vazirligi va “San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi” hamkorligida “Ijodkorlarning mualliflik huquqini ta’minlash” mavzusida davra suhbati va matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, vatanparvar, barkamol shaxsni tarbiyalashda ular madaniyatini oshirish alohida ahamiyat kasb etmayotganini ta’kidladi.

Madaniyat va san’at vakillarining mualliflik huquqlarini himoya qilishga ehtiyoj kattaligi sezilmoqda. Shu bois ham mustaqillik yillarida intellektual mulkni muhofaza qilish sohasida mustahkam qonunchilik bazasi shakllantirildi. San’at huquqiy jihatdan kafolatlandi. Bozor qonuniyatlariga mos bo‘lgan yangi mualliflik huquqi va turdosh huquqlar tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga fuqarolarning madaniyat va san’at orqali yangicha dunyoqarashini shakllantirish, ma’naviy hayotini sog‘lomlashtirish, yosh avlodni musiqiy tarbiya vositasida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bundan keyin konsert-gastrol faoliyatida mualliflik huquqiga rioya etish, ommaviy konsert tadbirlari o‘tkazilishidan oldin tashkilotchilar mualliflar va ijrochilar mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot sifatida San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish Palatasidan konsert-gastrol faoliyatida ijro etiladigan asarlar repertuar bazasini tasdiqlatib olishi talab etiladi. Bu tartibning joriy etilishi sohaga oid milliy qonunchilik va xalqaro-huquqiy normalarga rioya etish orqali markazlashgan holda mualliflar va ularga tenglashtirilgan boshqa huquq egalarining mulkiy huquqlarini amalda ta’minlash, ya’ni ularga mualliflik va ijrochilik haqi to‘lash imkonini beradi.

Palataning asosiy vazifasi – yurtimizda mualliflar va ijrochilar, ular merosxo‘rlarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqarish, o‘z a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda ularga tegishli mualliflik haqini yig‘ish va taqsimlash, buzilgan huquqlarini himoya qilishdan iborat.

Tadbirda kelgusida madaniyat va san’at vakillariga munosib ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar yaratish, ularning mualliflik huquqlariga oid bilimlarni tarqatish, joylarda asarlar va ijrolardan foydalanishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish, davlatimizning sohada olib borayotgan islohotlariga ko‘maklashish haqida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilari kelgusida ta’lim muassasalarida sohaga oid fanlarni o‘qitish, mualliflik huquqi sohasida respublikamiz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarishida ko‘maklashish, mualliflar hamda ijrochilarga hurmat ko‘rsatish va ularning huquqlari buzilishi oldini olishda hamkorlik ishlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini to‘liq ta’minlash hamda madaniyat va san’at sohasida yurtimizdagi islohotlarni jamoatchilikka atroflicha tushuntirish, san’at sohasida mualliflar va ijrochilar hamda boshqa huquq egalarining mualliflik va ijrochilik huquqlarini ta’minlash, sohada bozor qonuniyatlarini keng joriy etish va shartnomaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga to‘g‘ri keladi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari va soha vakillarining savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.

N.Usmonova, O‘zA