Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkorlar o‘quvchi va talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi
13:18 / 2025-10-25

Ta’lim muassasalarida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ma’rifat ulashib” loyihasi ishtirokchilarining navbatdagi uchrashuvlari Nukusdagi 33-maktab va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialida bo‘lib o‘tdi.

Bu safar loyiha doirasidagi uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy dunyosiga boylik ulashish, kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirish va ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. Ijodkorlar  dastlab Nukusdagi 33-son umumta’lim maktabida bo‘lib, adabiyot va ijodga qiziqqan o‘quvchilar bilan samimiy muloqot o‘tkazishdi. Suhbat davomida so‘zning kuchi, ilhom va adabiyotning inson hayotidagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi.

Shundan so‘ng, ma’naviy safar  filialda davom etdi. Uchrashuvda O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K. Karimov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, “Amudaryo” jurnali bosh muharriri  X. Dao‘letnazarov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir B. Bobomurod ishtirok etishdi. Suhbatda “Ma’rifat ulashib” loyihasining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, bu tashabbus talabalar orasida o‘qish, fikrlash va o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirayotgani ta’kidlanib, hayot, ijod va insoniy qadriyatlar haqida fikrlar bildirildi.

Mehmonlar filial Axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishishdi. “Zakovat” intellektual o‘yini va insholar tanlovi g‘oliblarining taqdirlanishlari jarayonida ishtrok etishdi.  

Shuningdek, loyiha doirasida daraxt ko‘chatlari ekish tadbiri ham tashkil etildi. Ushbu ezgu tashabbus mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan  “Tozalik oyligi” bilan hamohang tarzda o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, ijodkorlar ijara uylarda istiqomat qilayotgan talabalar bilan suhbat qilishdi. Muloqot chog‘ida ta’lim jarayoni, yoshlarning orzu-intilishlari va kelajakka bo‘lgan ishonchlari haqida iliq fikrlar bildirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri