Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan an’anaviy “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat teleradiokanali hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 29 nafar ijodkor 200 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi.
– Bu yilgi tanlovga samarqandlik yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, tasviriy san’at namoyondalari, qo‘shiqchilik, foto va dizayn ustalarining “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ijodiy ishlari taqdim qilindi, – deydi O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov. – Ijodiy ishlarda mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar aholining turmushini yaxshilash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qilayotgani, odamlar ongu tafakkuridagi o‘zgarishlar mahorat bilan yoritilgan.
[gallery-24915]
Tanlovda yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, jurnalistlarning publitsistik nashrlari, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining ijodiy ishlari, ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi internet-jurnalistika materiallari, televideniye va radio ijodkorlarining ko‘rsatuv va eshittirishlari, tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari, san’atkorlarning yurtni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlari nominatsiyalari bo‘yicha 16 nafar g‘olib aniqlandi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev ijodkorlarning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi, ularga diplom va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
– Viloyatimizning turli hududlaridan tayyorlangan, xalqimiz hayotidagi o‘zgarishlar aks etgan videolavhalarim uchun ushbu tanlovda g‘olib bo‘lganimdan xursandman, – deydi Zarnews.uz sayti muxbiri To‘lqin Siddiqov. – Bugun yurtimizning qaysi bir go‘shasiga bormang, juda katta bunyodkorlik ishlari, yangilik va o‘zgarishlarga guvoh bo‘lasiz, odamlarga quloq tutsangiz, har biri o‘z hayoti misolida yurtdagi taraqqiyotni tilga oladi. Biz ijodkorlardan talab qilinadigani ana shu fikrlarni, o‘zgarishlar mohiyatini xalqimizga yetkazish, islohotlar natijalarini keng yoritish, deb o‘ylayman.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri