Qirg‘iz Respublikasi Oloy musiqali drama teatri ijodiy jamoasi Buxoro viloyatida ijodiy safarda bo‘ldi. Mehmonlar atoqli adib Chingiz Aytmatovning “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” asari asosidagi “Sevimli sohilim mening” spektaklining taqdimotini o‘tkazdi.
Spektakl namoyishida ijodkor-ziyolilar, Buxoro shahrida malaka oshirayotgan o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, kursantlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

– Qirg‘iziston madaniyat arbobi Jumabek Osmonov tomonidan sahnalashtirilgan mazkur asar ochiq dengizda qolib ketgan insonlarning fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi, – deydi viloyat musiqali drama teatri adabiy bo‘limi mudiri Mohigul Nazarova. – Inson irodasining kuchi, kelajakka va yaxshi kunlarga ishonch tuyg‘usini o‘zida aks etgan asar buxorolik tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.
– Spektakl bizga juda manzur bo‘ldi. Tumanlardan kelib markazimizda ta’lim olayotgan ustoz-muallimlar spektakl tomosha qilish bilan birga, madaniy hordiq chiqarishganidan xursand bo‘lishdi. Bugungi taqdimot barchamiz sevib o‘qigan asarning sahnaviy talqini ekanligi bilan ham ahamiyatli, – deydi o‘qituvchilar jamoasi rahbari Gulnora Muqimova.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining bevosita ko‘magida amalga oshirilgan bu kabi xalqaro tadbirlar mamlakatimizda teatr san’atining yanada rivojlanishiga, ikki xalq o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.