Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida yozuvchi va shoirlar hamda talaba-yoshlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Gulbahor Saidg‘aniyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid, shoir Suxrob Ziyo talabalarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy savodxonlik darajasini oshirish orqali ularni vatanparvarlik va yurtimiz kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

E’tirof etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi ishlar zamirida so‘z san’ati, kitobxonlik orqali yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdek ezgu maqsadlar mujassamdir.
Uchrashuv davomida yozuvchilar adabiy sohadagi yangiliklar, yangi nashrlar xususida batafsil so‘zladi. Ijodkorlarning har biri adabiyotdagi o‘z yo‘li, asarlari, sohadagi dolzarb masalalar haqida batafsil gapirdi.

Ushbu uchrashuv orqali talabalar kitob yozish jarayoni va turli sohalarda, shu jumladan diplomatiyada ijodkorlik ko‘nikmalaridan qanday foydalanish mumkinligi haqida ko‘proq ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Shu bilan birga, xalqaro hamkorlikning ahamiyati, diplomatik munosabatlarni shakllantirishda madaniyatning o‘rni va adabiyotning xalqlar o‘rtasidagi aloqa vositasi sifatida ahamiyati kabi mavzular muhokama qilindi.
N.Usmonova,
O‘zA