Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkorlar bilan uchrashuv
21:07 / 2023-10-10

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Faxriyor tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan “Faxriyorning poetik uslubi va adabiy mahorati” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yozuvchilar uyushmasi a’zolari –  taniqli adiblar Murod Muhammad Do‘st, Nazar Eshonqul, adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev, tarjimon va publitsist Aziz Said hamda adabiyotshunoslar, ijodkor yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda  shoirning “Dardning shakli”, “Ayolg‘u”, “Geometrik bahor” she’riy to‘plamlari, “Yangilanish an’analari” publitsistik maqolalar to‘plami, shuningdek, ijodkorning shaxsiy sifatlari haqida so‘z bordi.  

– Faxriyorni avvalo shaxs sifatida tanib olmas ekansiz, uning asarlari, she’rlarining mohiyatini anglay olmaysiz,– deydi taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st. – Ish faoliyatimda uning shaxsiy qirralarini, vijdoni butun insonligini ko‘p marta kashf etganman. To‘g‘ri, ba’zi o‘rinlarda, xususan, biror lavozimga tavsiya etilganida uning bu xislati pand bergan bo‘lishi mumkin. Ammo bu xislati Faxriyorning shaxs sifatida, yetuk ijodkor bo‘lib shakllanishida muhim o‘rin tutdi.  

Faxriyor she’riyati biz ko‘nikkan an’anaviy lirikamizdan farqli. Ijodkorning she’riyatdagi, adabiyotdagi yo‘li faqat uning o‘zigagina xos yo‘ldir. She’rlari modernistik, postmodernistik yo‘nalishda ekani bilan birga, o‘zbek she’riyatining eng go‘zal va qadimiy an’analariga sodiq qolgan, ona tilimizning bor jozibasini, go‘zalligini o‘zida ifoda etgan betakror she’riyat.  

– Ijodkorning asarlarini, she’rlarini shunchaki o‘qiy olmaysiz, – dedi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Uni o‘qish uchun alohida intellektual tayyorgarlik zarur. Uning bir satr she’riga bir necha sahifa izoh, sharh yozish mumkin.  

– Biz adabiyotning fundamental vazifasini odob yoki insonning ichki dunyosini  kashf qilish bilangina chegaralamoqchi bo‘lamiz, – deydi Faxriyor ijodiy uchrashuvning maqsad va mohiyati haqida fikr bildirib. -  Vaholanki, uning talqinidagi obrazlar, tashbihlar har qanday o‘quvchi uchun fikr, hatto kashfiyotlarga yetaklovchi g‘oyalar generatori, fantaziya va ilhom manbai sifatidagi amaliy ahamiyatiga ko‘p ham e’tibor qaratmaymiz. Bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan televizor bir zamonlar klassik adabiyotda “oynai jahon”, ya’ni g‘oya sifatida mavjud edi. Yoki folklordagi uchar gilamlarni eslang. Bu imkoniyatlardan kengroq foydalanish bugungi yosh ijodkorlarning oldida turgan muhim vazifalardan biri.

Ijodiy uchrashuvda shoir she’riyatining o‘ziga xosligi xususida so‘z yuritildi, talabalar bugungi o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari bilan bevosita muloqotda bo‘ldi.

G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri.