Adabiyot maydoniga har kim ham qadam qo‘yolmaydi. Qo‘yganda ham faqat munosiblar bu maydonda qoladi. Egri qadamlar esa o‘z-o‘zidan sof va muqaddas adabiyot sahnidan oyoqlari kesilganday tushib qoladi.
Kuni kecha ana shunday chin adabiyot vakiliga ehtirom ko‘rsatildi. Botirjon Ergashev uzoq yillardan beri o‘zining betakror va samimiy she’rlari bilan millatimiz qalbidan joy olib ulgurgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Botirjon Ergashev bugun tabarruk 50 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida shoirning “Uyg‘on o‘g‘lim” deb nomlangan ijodiy kechasi o‘tkazildi.
Unda shoir she’rlarini kuyga solgan elimiz suygan san’atkorlar, adabiyot vakillari va shoirning muxlislari ishtirok etdi. Yig‘ilganlar ko‘tarinki kuy-qo‘shiqlar, she’rlar va samimiy tabrik so‘zlariga guvoh bo‘lishdi.
–Biz Botirjon bilan uzoq yillardan beri tun-u kun yelkama-yelka ijod qilib kelmoqdamiz. U bilan qilgan barcha ijodiy mahsulimiz siz azizlar qalbidan joy olgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov. –Xonandaning ovozi qanchalik yoqimli bo‘lmasin, u aytayotgan so‘z chin bo‘lmasa, bunday qo‘shiq o‘z muxlislarini topmaydi. Shoir Botir Ergashev ana shunday haqiqiy tuyg‘ularni bitadiganlardan.
Darhaqiqat, she’riyatni musiqadan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Yaxshi she’rlar doimo yaxshi qo‘shiqlarga aylanib, xalqning ma’naviy mulkidan joy olgan.
Shoirning yana bir ijodiy hamkori O‘zbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov shunday deydi:
–Har bir shoir va har bir hofizning bir shoh asari bo‘ladi. Ozodbek Nazarbekov bilan kuylangan shukrona qo‘shig‘imiz ham bizning, ham Botirjonning shoh asari desam, xato bo‘lmaydi. Yaxshi shoirlar doim musiqaga oshno yashaydi. Zero, Navoiy hazrat ham soz chalganlar. Botirjonning soz chalishi va yokimli ovozi borligi ko‘pchilikka sir.
Bundan tashqari yana ko‘plab ustoz san’atkorlar, iste’dodli yosh ijrochilar, xalq artistlari shoirga dil izhorlarini bildirishdi.
Shuningdek, kecha qahramoniga Madaniyat vazirligi hamda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shoir muxlislariga o‘z she’rlaridan namunalar o‘qib berdi. Dastur so‘ngida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov yana bir bor shoir ijodiga zafarlar tilab, tomoshabinlarga o‘z qo‘shiqlari bilan yuqori kayfiyat ulashdi.
Ko‘ngil kishisini shubhasiz birgina e’tibor shod etadi. Ayniqsa, ijodkorlar bunday ehtiromdan yanada ilhomlanishi aniq.
Sherbek Islomov, O‘zA