O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida “Navqiron O‘zbekiston” ijodkor yoshlar respublika amaliy san’at ko‘rgazma-tanlovi boshlandi.
Mamlakatimizda amaliy san’at sohasida iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ijodiy faoliyatga keng jalb qilish, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, ko‘nikma va malakasini oshirish, innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga katta e’tibor qaratilmoqda.

“Navqiron O‘zbekiston” ko‘rgazma-tanlovining asosiy maqsad va vazifalari amaliy san’atning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, san’at olamiga kirib kelayotgan yosh ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular ijodini rivojlantirishga ko‘maklashish, yosh iste’dod sohiblarini ro‘yobga chiqarish va ular bilan ishlash, ijodini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Ushbu ko‘rgazmada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan zamonaviy san’at asarlari yaratishda faollik ko‘rsatayotgan 23 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaga respublikamizning barcha hududlaridan yuborilgan ijodiy ishlar Ishchi guruh tomonidan saralandi va ko‘rgazmada namoyish etishga tavsiya etildi.

Ko‘rgazmada 70 nafarga yaqin yosh iste’dodlarning 200 dan ziyod amaliy san’atga oid ijodiy ishlari namoyish qilinadi. Ko‘rgazma haftaligi dasturida Markaziy ko‘rgazmalar zalining 1-2-qavatida respublika ko‘rgazma-tanlovi ishtirokchilarining ijodiy ishlari o‘rin oladi. Ikki kun davomida ijodkor yoshlarning ijodiy ishlari ko‘rgazmasi, taniqli ustalarning mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.
“Navqiron O‘zbekiston” ijodkor yoshlar respublika amaliy san’at ko‘rgazma-tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi joriy yilning 28 iyun kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA