O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Adabiyot maydonida” – Zakovat o‘yini intellektual bellashuvining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yozuvchilar uyushmasi yosh ijodkorlar o‘rtasida “Adabiyot maydonida” nomli Zakovat o‘yinlarini muntazam o‘tkazib borishni rejalashtirgan.
[gallery-14701]
Shu munosabat bilan uyushmada mazkur intellektual o‘yinning birinchi tur ikkinchi bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘llanilgan barcha savollar jahon va o‘zbek adabiyotiga oid asarlar, ularning yaratuvchilari, badiiy asar qahramonlari, asar bosh g‘oyasi, ma’no-mazmuni, mavzular mundarijasi, syujeti kabi jihatlar doirasida tuzildi.
– Mazkur intellektual bellashuv adabiy, badiiy asarlarni kengroq targ‘ib etishdek maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Anvar Eshnazarov. – Shu bilan birga ushbu loyiha ijodkor yoshlarni birlashtirish, ularni keng jamoatchilikka tanitishda ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Avvalgi bosqichda bizning “Nihol” jamoamiz g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Hozir ham shunday maqsad bilan bellashuvga kirishdik.
Mazkur bellashuvda erkin jamoalar bilan birga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi yosh kitobxonlari jamoalari o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA