Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkor o‘z qishlog‘ida kutubxona qurdi
23:15 / 2025-10-26

Samarqand viloyati Urgut tumanining Dehqonobod mahallasida Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli adib va shoir, publitsist Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasi ochildi.

Yurtimizda so‘nggi yillarda xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kitob mutolaasiga qiziqishini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz aholining, ayniqsa, yoshlarning kitobga mehrini oshirishga alohida e’tibor qaratib, “kerak bo‘lsa, mashina berib, xalqimizni kitob o‘qishga o‘rgatamiz”, degan fikrlari bugun o‘z samarasini bermoqda. Respublikamizda “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon mahalla” singari tanlovlarni o‘tkazish an’anaviy tus oldi va g‘oliblar Prezident sovg‘asi sifatida avtomashina bilan taqdirlanmoqda. Abdusaid Ko‘chimov tashabbusi va Urgut tumani hokimligi ko‘magida tashkil etilgan mazkur kutubxona ham ana shu ezgu ishlarning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

– Bu kutubxonaning yaratilish tarixi qiziq bo‘lgan, – deydi Abdusaid Ko‘chimovning sinfdosh do‘sti, ko‘p yillar ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatgan mehnat faxriysi Quddus Asqarov. – Bir kuni kitob va kitobxonlik madaniyati haqida suhbatlashib o‘tirganimizda “E’tibor beryapsizmi, jo‘ra, Prezidentimiz istaganlaridek, yoshlarimizning kitobga munosabati ancha o‘zgardi, kitob o‘qiydiganlar ko‘paydi, kutubxonalar gavjum bo‘lib qoldi, – dedi u. – Yaxshi bilasiz, mening shaxsiy kutubxonamda ham 10 mingdan ortiq kitob bor. Ularni o‘zim to‘plaganman, farzandlarim olib kelgan, sovg‘a qilishgan. Qani endi, bu xazinadan boshqalar ham bahramand bo‘lsa. Har gal qishloqqa borganimda maktabga, qarindosh-urug‘larimga sovg‘a sifatida olib boraman, qo‘ni-qo‘shnilarga kitoblarni olib borib o‘qinglar, deyman. Kelgani kelib oladi, lekin uyga kitob so‘rab kelishga iymanadiganlar ham bor-da” deb qoldi. Shu suhbat chog‘ida kitoblarni maktabga, birorta kutubxonaga topshirish yoki odamlarga bo‘lib berishni ham gaplashdik, lekin bir qarorga kelolmadik. Bir necha kundan keyin yarim kechasi Abdusaid telefon qilib qoldi va “kitoblarni nima qilishni yo‘lini topgandayman” dedi. Xo‘sh, ayting-chi, qanday yo‘l ekan, deb so‘radim. “Yaxshi bilasiz, qishloqdagi ota-onamdan qolgan uydan hech kim foydalanmaydi. Men va bolalarim ham poytaxtda yashayapmiz, har zamon bir qishloqqa borganimizda ham qarindosh-urug‘, do‘st-yorning mehmondorchiligidan ortmaymiz. 

Shu uyning o‘rnida bitta kutubxona tashkil qilsak-chi. Kitoblarni joylaymiz, ham mahallamiz, Urgut uchun yana bitta kutubxona paydo bo‘ladi”, dedi. To‘g‘risi, bu fikr mening ham xayolimdan o‘tgandi, ammo jo‘ramga uyingni kutubxona qil, deb aytishga iymanib turgandim. Uning gapini eshitib, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi va “agar siz shunday ezgu niyat qilgan bo‘lsangiz, bu ishning boshida o‘zim turganim bo‘lsin, dedim. Shu bilan kutubxona tashkil etish harakatini boshladik. Niyatimizdan Urgut tumani hokimligi rahbariyati xabardor bo‘lgach, ular bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Tadbirkor va kitobsevarlar yonimizga qo‘shildi, mahalla yordam berdi. Shu tarzda ikki yil ichida eski hovli o‘rnida mana shu ko‘rkam kutubxona qad rostladi.

[gallery-25935]

Ijodkor o‘z shaxsiy kutubxonasidagi kitoblardan va o‘zining yigirmadan ortiq asarlaridan boshqalar ham bahramand bo‘lishini istab, bu ezgu ishni boshlagan edi. Xayrli niyatni qo‘llab-quvvatlovchilar va ushbu maqsadga hissa qo‘shishni istovchilar ko‘paydi va o‘n mingga yaqin kitob to‘plandi.

Eng muhimi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mazkur ziyo maskanini ham o‘z tarmog‘iga qo‘shib, urgutlik kitobxonlarning mamlakatimiz bosh kutubxonasi fondidagi asarlardan onlayn foydalanishlariga imkoniyat yaratdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati esa kutubxonani zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlab, internet orqali Navoiy davlat konchilik va texnologiya universiteti kutubxonasi bilan bog‘ladi.

Mahallada kutubxona tashkil etilishidan xursand bo‘lgan va bu tashabbus ommalashtirilishini istagan O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi ham kutubxona uchun o‘nga yaqin kompyuter jamlanmasi tuhfa qildi.

Yangi kutubxonaning ochilish marosimida mamlakatimizning taniqli olim va ziyolilari, ijodkorlar, deputat va senatorlar, kitobsevarlar ishtirok etdi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev, Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmat, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi rahbari Isfandiyor Latipov va boshqalar xalqimiz kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi ishlarni e’tirof etib, ustoz ijodkor Abdusaid Ko‘chimovning mazkur tashabbusi ham aholi o‘rtasida kitob targ‘ibotini ommalashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

– Abdusaid Ko‘chimov nafaqat qalami o‘tkir jurnalist va adib, balki qalbida yurti, xalqi, ayniqsa, yoshlar taqdiri uchun qayg‘uradigan chin ma’naviyat fidoyisi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo. – Ijodkorning o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida tashkil etgan kutubxonasi ham bu fikrimizni tasdiqlaydi. Bu maskanda  ma’rifatning ruhi, ustoz so‘zining nafasi va ibrati bor. Yoshlar bu yerga faqat kitob o‘qish uchun emas, balki o‘z ustida ishlash, hayotda to‘g‘ri yo‘l topish uchun ham keladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mazkur kutubxonani uyushma tomonidan nashr etilgan kitoblar bilan ta’minlab borishni o‘z zimmamizga olamiz.  

Kutubxona ochilishida qatnashgan mehmonlarning barchasi mazkur tadbir  o‘ziga xos ibrat sabog‘i bo‘lganligini ta’kidlashdi va ijodkorlarning aksariyati shu kabi kutubxona tashkil etishga ahd qilishdi.

– Ustozimiz Abdusaid Ko‘chimov yuksak iqtidor, boy bilim va tajribaga ega bo‘lsalar ham juda kamtar, samimiy, xalqparvar inson, – deydi “Ishonch” va “Ishonch-doveriye” gazetalari bosh muharriri, Oliy Majlis Senati a’zosi Husan Ermatov. – Men u kishi bilan birga ishlash jarayonida, ayni paytda ham shu kabi insoniy fazilatlariga ko‘p guvoh bo‘lganman, o‘zim uchun xulosalar chiqarganman. O‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqda shunday ko‘rkam ma’rifat maskanini tashkil etgani ham Abdusaid akaning kimligi, qanday maqsad-o‘ylari borligini ko‘rsatib turibdi. Bu joyda kattagina, hashamatli uy-joy ham qurish mumkin edi, shunday yo‘l tutganda ham ustozga hech kim e’tiroz bildirmasdi. Ammo bu kishi mahalla yoshlari, urgutliklar ko‘proq kitob o‘qisin, ma’rifatli bo‘lsin, deb shu ezgu ishga qo‘l urgan ekan, bundan faqat xursand bo‘lish, o‘rganish, ibrat olish kerak, deb o‘ylayman. Shaxsan menda ham bugun ana shunday kutubxona tashkil etish istagi tug‘ildi.

Urgut tumani hokimi Dilmurod Saidqulov tumandan ko‘plab ijodkorlar, shoir va yozuvchilar yetishib chiqqanini qayd etib, tuman hokimligi ularning ham xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan bu kabi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

G‘olib HASANOV,

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA