O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Ijodkor o‘qituvchi – 2022” anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid aslida o‘qituvchilik kasbi ijodkorlik bilan hamohang ekanini ta’kidladi.
Ayniqsa, adabiyot muallimining saboqlari har bir ijodkor yuragida bir umrga o‘chmas taassurot qoldiradi. O‘quvchi qalbini ilk bora hayajonga solgan badiiy adabiyot sehri uning kelajakda katta ijodkor, shoir yoki yozuvchi bo‘lib yetishishiga asos bo‘ladi. Adabiyot muallimlarining aksariyati maktab qoshidagi ijodiy to‘garakka rahbarlik qiladi.

O‘qituvchi boshchiligida a’lochi o‘quvchilardan iborat to‘garak a’zolari maktab miqyosidagi adabiy-ma’rifiy tadbirlar, mushoiralar, navoiyxonlik, boburxonlik kechalari dasturi va ssenariylarini tayyorlaydi. Badiiy asarlar bo‘yicha sahna ko‘rinishlarini ijro etadi.
Ushbu anjuman Yozuvchilar uyushmasi tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Bu yilgi seminarga respublika miqyosida eng kuchli ijodkor pedagoglar saralab olindi.
Adabiyot muallimi iste’dodli o‘quvchilarni nufuzli tanlovlar, olimpiadalarga tayyorlaydi, ularning ijod namunalarini ro‘yobga chiqarish uchun gazeta va jurnallarga tavsiya qiladi.

Ma’lumki, barcha taniqli shoirlar va yozuvchilarning ilk ustozi ular ta’lim-tarbiya olgan maktabdagi adabiyot o‘qituvchisi ekani ayni haqiqat. Shuning uchun adabiyot o‘qituvchisi nafaqat ta’lim beruvchi, balki ijodkor o‘qituvchidir.
Mazkur anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 28 nafar ijodkor o‘qituvchi ishtirok etdi.
– Dars berish bilan birga Nukusdagi gazetalarda maqolalarim bilan qatnashib turaman, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 34-maktabning qoraqalpoq tili va adabiyoti o‘qituvchisi Qalbeka Qaljanova. – Maqolalarim vatanparvarlik, kitobxonlikni targ‘ib etish, ona tilimiz tozaligini saqlash kabi mavzularni qamraydi. Ijodkor o‘qituvchilar anjumanida ustoz jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar mahorat sabog‘idan bahramand bo‘ldik. Ijodkor o‘qituvchilar bilan o‘zaro fikr almashdik. Bunday ma’rifiy muloqot biz uchun juda foydali bo‘ldi.
Anjuman doirasida ijodkor o‘qituvchilar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududiga, Adiblar xiyoboniga, Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyiga sayohat qildilar.

Darhaqiqat, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjuman o‘qituvchilarning ijodiy mahoratini charxlashda, o‘zaro fikr va tajriba almashishda, yurtimiz adabiy jarayonlaridan batafsil xabardor bo‘lishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Anjuman o‘z ishini sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Kunning ikkinchi yarmida ham sho‘’balarda o‘qituvchilar mavzular doirasida fikr, tajriba almashdilar. Shuningdek, ishtirokchilar uchun O‘zbekiston xalq shoirlari, xalq yozuvchilari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi.
Anjuman yopilishi tantanali tarzda o‘tkazilib, unda ijodkor o‘qituvchilarga Yozuvchilar uyushmasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri