Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkor koinoti
19:15 / 2025-09-09

Toshkent Fotosuratlar uyida Moskva shahridagi Xalqaro Rerixlar markazining “Ijodkor koinoti” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Joriy yilda madaniy boyliklarni himoya qiluvchi ilk xalqaro hujjat – Rerix Pakti (“San’at va ilm muassasalari hamda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish to‘g‘risida shartnoma”) imzolanganiga 90 yil to‘ldi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi va Toshkent shahar rerixchilar jamiyati tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazma ushbu sanaga bag‘ishlandi.

[gallery-25226]

Markaziy Osiyo tadqiqotchisi, olim va jamoat arbobi Rerix 7 mingga  yaqin rangtasvir asari muallifi bo‘lish bilan birga, madaniyatni himoya qiluvchi birinchi xalqaro hujjat – Rerix Pakti tashabbuskoridir. Ko‘rgazma Rerix merosining keng qamrovini ta’kidlaydi.

Ekspozitsiya 9 tematik bo‘limdan iborat bo‘lib, u Rerix hayoti va ijodining turli bosqichlarini qamrab olgan. Tomoshabinlar e’tiboriga Rerixlar oilaviy arxividan fotomateriallar hamda Nikolay Rerix asarlarining reproduksiyalari taqdim etilgan.

Ko‘rgazmadan joy olgan “Boshlanish”, “May gimnaziyasi”, “Kuinji ustaxonasi”, “Xabarchi”, “Qabila qabilaga qarshi qo‘zg‘aldi”, “Men Ladani uchratdim…”, “Uzoq chaqiriqlar”, “Knyaz Igor”, “Snegurochka”, “Muqaddas bahor” kabi ishlar Rerix ijodining o‘ziga xos qirralarini aks ettirgan.

Ta’kidlash kerak, tadqiqotchi rassom 1924–1928 yillarda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo ekspeditsiyasi”da ishtirok etgan bo‘lib, ushbu safar davomida ijodkor tomonidan 500 ga yaqin surat yaratilgan. Shuningdek, Rerixning “Tong yulduzining nuri”, “Manjur ekspeditsiyasi” loyihalari san’at ahli e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

18 sentyabrga qadar davom etadigan ko‘rgazmada tomoshabinlar mazkur ijodiy ishlar haqida keng ma’lumot olish va Rerixning rangtasvir asarlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega.

Kamola Yusupova,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA