Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi binosida taniqli adib Muhammad Ismoilning “Boshimdagi tojim — onam” hamda “Qatorda noring bo‘lsa” nomli yangi kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur to‘plamda Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Halima Xudoyberdiyeva, Mahmud Toir, Abdusaid Ko‘chimov, Ahmadjon Meliboyev, Minhojiddin Mirzo, Farida Afro‘z, G‘ayrat Shoumarov, Ozodbek Nazarbekov kabi 40 ga yaqin respublikamizning taniqli adib va shoirlari, adabiyotshunos va jamoatchilik vakillari hamda bir qator olimlarning Muhammad Ismoil haqida yozgan maqolalari jamlangan.


Kitobda ona siymosi, uning muqaddasligi, mehr-oqibat va insoniy qadriyatlar haqidagi samimiy va ta’sirchan fikrlar keng yoritilgan.
Taqdimot marosimida adabiyot va jamoatchilik vakillari, deputatlar, ijod ahli hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqan Guliston davlat universiteti professori Ravshanbek Mahmudov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova, xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Abdushokir Abdurahmonov, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboyeva, viloyat Kengashi deputati Salohiddin Elmurodov, “Yangi Sirdaryo” – “Novaya Sыrdarya” gazetalari bosh muharriri Bahrom Boymurodov, jurnalist Muhammadali Ahmad va boshqalar yangi asarning g‘oyaviy-badiiy ahamiyati, uning o‘quvchilar qalbiga ta’sir kuchi haqida iliq fikrlar bildirishdi.


Tadbirda ta’kidlanganidek, Muhammad Ismoil ijodida ona obrazi alohida o‘rin tutadi. Adib asarlarida ona nafaqat mehr-shafqat timsoli, balki hayot ma’nosi, inson ma’naviyati va milliy qadriyatlar ifodasi sifatida talqin etiladi.
Taqdimot so‘ngida so‘z olgan Muhammad Ismoil mazkur adabiy uchrashuvni tashkil etganlar va sirdaryolik adabiyot muxlislariga. shuningdek, o‘z ijodini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha ustoz va do‘stlarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ona haqida yozish har bir ijodkor uchun ham mas’uliyat, ham sharaf bo‘lib, ushbu asar ham aynan shu muqaddas tuyg‘ular ifodasi sifatida dunyoga kelgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri