O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Har bir mahalladagi havaskor shoiralar, uy bekalari, qizlar o‘rtasida she’rlar ijodiy tanlovi" ma’rifiy loyihasi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda ayol-qizlar, xonadon bekalarining hissasi katta ekanini ta’kidladi.
- Adabiyot ayollarni jamiyatga yanada ko‘proq yaqinlashtiradi, - dedi taniqli shoira, jurnalist Qutlibeka Rahimboyeva. - Shoirlar mukofot uchun yozmaydi. Lekin e’tibor ayol qalbiga juda katta rag‘bat beradi.
"Har bir mahalladagi havaskor shoirlar, uy bekalari, qizlar o‘rtasida she’rlar ijodiy tanlovi" loyihasi Vazirlar Mahkamasi hamda Oliy Majlis Senatining 2022 yil 31 oktyabrdagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy faolliklarini oshirish bo‘yicha "Toshkent shahar tajribasi"ni yaratish chora-tadbirlari rejasi"ning tegishli bandida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan "Toshkent shahar tajribasi" loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Tanlovga 2022 yilning 28 dekabridan 2023 yilning 8 yanvariga qadar ijodiy ishlar qabul qilindi. Hay’at a’zolariga 30 nafardan ortiq muallifning 200 dan ortiq she’rlari taqdim etildi. Ushbu she’rlarning ayrimlari matbuotda nashr etilgan va elektron hamda qo‘lyozma shaklida ham topshirilgan materiallardan iborat.
Farzandlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini uyg‘otadigan, ajdodlarimizning ma’naviy merosini va milliy qadriyatlarimizni asrashda, ijtimoiy hayotdagi yutuqlarimiz va kamchiliklarni ko‘rsatib beradigan, ona, ayol, Vatan, ustozlar, insoniylik mavzularidagi she’rlar hay’at a’zolari tomonidan baholandi.
Birinchi o‘ringa Maqsuda Ergasheva (Mirobod tumani, Furqat mahallasi), ikkinchi o‘ringa Muborak Qo‘shnazarova (Chilonzor tumani, "Katta Chilonzor" mahallasi), uchinchi o‘ringa Malohat Najmiddinova (Shayxontohur tumani, "Katta Jarariq" mahallasi) g‘olib deb topildi.
Shuningdek, bir guruh ayol-qizlarga rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA