Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodkor ayollar ko‘rgazmasi
15:36 / 2026-03-05

Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan an’anaviy “Bahor vernisaji” Respublika badiiy ko‘rgazmasining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda 35 nafar ayol ijodkorlarning 100 ga yaqin asarlari namoyish etildi. Har bir asar tomoshabinni bahorning iliq nafasi va bayramona kayfiyati bilan qarshi oladi.

“Bahor vernisaji” – bu nafaqat san’at bayrami, balki ayol ijodkorlarning nozik qalbi, betakror tasavvuri va badiiy mahoratini namoyon etuvchi ijodiy maydon.

[gallery-27986]

Tadbirda qayd etilganidek, bahor faslining uyg‘onish, yangilanish va yasharish ruhi ko‘rgazmada taqdim etilgan asarlarda o‘zining yorqin ifodasini topgan. Asarlarda muhabbat va sog‘inch, orzu va armon, quvonch va ilhom kabi insoniy kechinmalar nafis badiiy talqinda aks etadi.

Ekspozitsiyada rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, mayda plastika hamda amaliy san’at namunalarini ko‘rish mumkin. Turli avlod vakili bo‘lgan iste’dodli ayol rassomlar o‘z asarlari orqali ayol siymosining maftunkorligi, onalik mehrining qudrati va go‘zallik falsafasini talqin etadi.  

Xususan, Aziza Mamatova, Lyudviga Nesterovich, Marina Borodina, Galina Naumova – Kim, Musavvar O‘lmasova, Galina Li, Nazira Kuziyeva, Margarita Shuvalova, Tatyana Fadeyeva, Lyubov Tiora, Li-Safi Mariya, Tatyana Li, Oksana Zalevskaya va Go‘zal Alimatovalarning asarlari ham ko‘rgazma ekspozitsiyasidan munosib o‘rin egallab, o‘zining betakror uslubi, chuqur mazmuni bilan tomoshabinlar e’tiborini tortdi.

Ko‘rgazma 22-martga qadar davom etadi.

Gulnoza Boboyeva, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA