Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodiy muloqotlar, hamkorlik, yangi g‘oyalar maydoniga aylangan biyennale
23:02 / 2023-10-20

Poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ijodiy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash, chet davlatlarning ijodkor ziyolilari bilan ma’rifiy aloqalarni yanada rivojlantirish, yurtimiz madaniyati va san’atini yanada ko‘proq targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.  

Bu yilgi xalqaro amaliy san’at biyennalesi “Globallashuv va milliy an’analarni asrash: tanlash imkoniyati” mavzusida o‘tkazildi. Zero, barcha jabhalar, hattoki, san’at sohasiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan globallashuv davrida ijodda milliy qiyofani saqlab qolish yoki faqat zamonaviylikka urg‘u berish tanlovi har bir ijodkor oldida mavjud.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinovning ta’kidlashicha, amaliy san’at sohasiga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan cheksiz e’tiborni xalqaro miqyosda kengroq targ‘ib etishda, turli mamlakatlarning rassom va dizaynerlari, usta-hunarmandlarining o‘zaro muloqot o‘rnatishida, bir-birlarining ishlari bilan yaqindan tanishishda mazkur ijodiy loyihaning ahamiyati katta bo‘ldi.  

– Turli mojarolar avj olgan, notinch bir davrda O‘zbekistonda tinchlik, taraqqiyot, madaniyat va san’at rivojiga katta e’tibor qaratilayotganining guvohi bo‘ldik, – dedi rossiyalik ijodkor Tatyana Tarasova. – Biyennale juda baland ruhda, yuqori saviyada o‘tdi. Bu loyiha bizlarga cheksiz ilhom zavqini bag‘ishladi.  

Xalqaro biyennale doirasida amaliy san’atga oid turli qiziqarli ko‘rgazmalar, anjumanlar, mahorat darslari, taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Xorijlik qatnashchilar azim va hamisha navqiron, yangilanishlarga yuz tutgan Samarqand shahrini ham ziyorat qildi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor maskanlarini ko‘zdan kechirdi. Bu tabarruk yurtda milliy san’at rivoji yo‘lida misli ko‘rilmagan imkoniyatlar ishga solinayotganiga guvoh bo‘ldi.  

Ijodiy ishlari eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdirlandi.

 

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (suratlar), O‘zA