FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyat bo‘limi tomonidan qator tashkilotlar hamkorligida “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Buxoro turizm va madaniy meros texnikumida tashkil etilgan tadbirda matbuot va ommaviy axborot vositalarining bir guruh xodimlari taqdirlandi.
[gallery-24842]
“Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari” yo‘nalishida “Buxoro shifokori” gazetasi muxbiri Hamzabek Turdiyev, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari” yo‘nalishi bo‘yicha “O‘zbekiston 24” telekanali viloyat muxbiri Suxrob Sherov, “Eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari” yo‘nalishida xonanda To‘xtasin Rajabov g‘olib, deb topildi.
– Tanlov uchun yuborilgan ijodiy ishlarni baholash oson kechmadi, - deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining viloyat bo‘limi raisi v.b. Sh.Ochilov. – Jarayon shaffof o‘tishi uchun hakamlar va ekspertlarni jalb qildik. Ular qirqdan ziyod ijodiy ishlar orasidan eng munosiblarini tanlab berdi.
Tadbirda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar va ularning yoritish, keng ommaga tezkor va xolis yetkazishda jurnalistning o‘rni haqida so‘z bordi. So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini, ochiqlik, oshkoralikni ta’minlash borasidagi yangilanishlar to‘g‘risida fikr-mulohazalarini bildirdi.
TOHIR ISTATOV(surat),O‘zA