Ijodiy imtihonlarda deputatlar ishtirok etadimi?
Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼullari, viloyat faollari ishtirok etgan sessiyada Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltaboyev oliy taʼlim muassasasida 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2020-yildagi ustuvor vazifalar haqida hisobot berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda oliy taʼlim muassasasida 300 nafardan ziyod malakali oʻqituvchilar 5 mingdan ziyod talabalarga taʼlim bermoqda.
1955-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan oliy taʼlim muassasasi yakunlangan yilda oʻquv, ilmiy, xalqaro aloqalar, maʼnaviy-maʼrifiy, moliyaviy va boshqa yoʻnalishlarda samarali faoliyat yuritib, muayyan yutuqlarga erishdi. Jumladan, universitet 2017-2018-yillarda 17 foiz ilmiy salohiyat bilan faoliyat yuritgan boʻlsa, ayni paytda bu koʻrsatkich 21,2 foizga yetkazildi.

Oliy taʼlim muassasasi dunyoning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Janubiy Koreya, Belarus, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Vengriya va Hindistondagi sportga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari, sport sohasining yetuk professor hamda mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyilgan.
2018-2019 oʻquv yilida ushbu davlatlardan 16 nafar malakali mutaxassislar universitetning oʻquv jarayoniga jalb etilgan boʻlsa, joriy va kelgusi oʻquv yillarida 15 nafardan, 2021-2022 oʻquv yilida esa 18 nafar malakali chet el mutaxassislari jalb etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, universitetning 4 nafar professor oʻqituvchilari Rossiyaning Milliy jismoniy madaniyat, sport va salomatlik universitetida malaka oshirgan boʻlsa, 2 nafari qishki sport turlari boʻyicha qayta tayyorlov kursida tahsil oldi.

Universitetning eng katta yutuqlaridan biri oliy taʼlim muassasasining Chirchiq shahriga koʻchirilishi bilan bogʻliq. Chunki, shahardagi bino maydoni 3,5 gektar boʻlib, jahon standartlari talabiga toʻgʻri kelmas edi. Chirchiq shahridagi muassasa maydoni esa 21,5 gektar boʻlib, ayni paytda bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Sessiyada oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari Murodillo Xolmuhammedov soʻz olib, viloyatda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar haqida toʻxtaldi.
– Prezidentimiz boshlab bergan ishlar, albatta, oʻz yakuniga yetkaziladi, – dedi vazir oʻrinbosari. – Ammo, mahalliy kengash deputatlari yordamlashsa, bu jarayon tezlashadi. Buning uchun oliy taʼlim tizimida shaffoflikni taʼminlash kerak. Rektorlar mana shu masalada shaxsan javobgar, endi hammasi shaffof boʻladi.
Sessiyada shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi Sayyora Fayziyeva soʻz olib, hududdagi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini tanqidiy tahlil qildi va Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida tahsil olayotgan yoshlarning bor-yoʻgʻi 8 foizi Toshkent viloyati yoshlari ekaniga eʼtibor qaratdi.

– Ohangaron tumanida musiqa fani oʻqituvchilariga talab yuqori. – dedi S.Fayziyeva. – Shu maʼnoda, Chirchiq davlat pedagogika universitetida ushbu yoʻnalishda kadrlar tayyorlashga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq boʻladi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining qonuniylikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi aʼzosi Toʻlqin Fayziyev ham soʻz olib, ijodiy imtihonlari mavjud boʻlgan oliygohlarda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida imtihon jarayonida deputatlarning ishtirok etishini yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklif bildirdi. Oʻz navbatida mazkur taklif deputatlar, rektorlar tomonidan maʼqullandi.
Kengash yigʻilishida, shuningdek, Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori Gʻofurjon Muhammedov, Toshkent davlat agrar universiteti rektori Botirjon Sulaymonov, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali direktori Alisher Samadov, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali direktori Farhod Umarovlarning ham hisobotlari eshitildi.