Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodiy imtihonlar shaffof o‘tmoqda
14:54 / 2022-08-01

Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida alohida iqtidor talab etadigan yo‘nalishlar bo‘yicha kasbiy va ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.

Andijon davlat universitetida alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlar kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 835 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Imtihonlar ikki smenada tashkil etilishi belgilangan. Ayni kunda uchta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihonlar o‘tkazilmoqda.  

– Imtihonlarning shaffof va adolatli o‘tishi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul xodimlari, shuningdek, jamoatchilik vakillari tomonidan nazorat qilib borilmoqda, – deydi Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev. – Bundan tashqari, jarayonlarni onlayn kuzatish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni, abituriyentlarning ota-onalari, umuman, barcha xohlovchilar imtihon jarayonlarni live.adu.uz platformasi orqali bevosita kuzatib borishlari mumkin. Ijodiy imtihonlar ikki bosqichda, ya’ni birinchi bosqich – 8.00 dan 13.00 gacha, ikkinchi bosqich 14.00 dan 18.00 gacha o‘tkazilishi belgilangan.  

Sport yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy imtihonlar malakali mutaxassislar tomonidan belgilangan tartiblar doirasida o‘tkazilmoqda.  

– Sportning futbol yo‘nalishi bo‘yicha imtihon topshirdim, – deydi abituriyent Doniyorbek Abdumannopov. – Ochig‘i, biroz hayajonlandim, lekin yuqori ballar olish uchun astoydil harakat qildim. Imtihonlar adolatli, yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Ishonamanki, eng munosib va iqtidorli abituriyentlar talabalikka qabul qilinadi.

Tibbiyot xodimlari har bir abituriyentning sog‘lig‘ini alohida nazorat qilmoqda. Ular uchun suv va boshqa salqin ichimliklar berilishi tashkil qilingan. Imtihonlar jarayonida xavfsizlikni ta’minlash uchun milliy gvardiya, ichki ishlar xodimlari jalb etilgan. 

F. UBAYDULLAEV,  
Z. UMRZOQOV (surat)