French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodiy imtihonlar davom etmoqda
11:12 / 2025-07-09

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul jarayonida bakalavriatning alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Jismoniy madaniyat, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlardan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.

[gallery-24225]

Abituriyentlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash uchun O‘zbekistonning turli ta’lim muassasalaridan, xususan, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti, Jizzax va Chirchiq davlat pedagogika universitetlari, shuningdek, Urganch, Buxoro, Termiz davlat pedagogika institutlaridan tajribali professor-o‘qituvchilar hamda mutaxassislar biriktirilgan. Ular tomonidan har bir abituriyentning tayyorgarligi xolisona baholanib, to‘plagan ballari darhol ma’lum qilinmoqda.

– Bugun nabiram institutning jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishiga amaliy imtihon topshiryapti. O‘zim shu o‘quv yurtini bitirib, o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Mana bugun institutga kelib, bu yerdagi o‘zgarishlarni, yaratilgan sharoitlarni ko‘rib ko‘nglim to‘ldi. Imtihon jarayonlari qanday o‘tayotganini ochiq-oydin, bevosita kuzatib turibmiz, – deydi Chimboy tumanidan kelgan Minayim Baltabayeva.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, joriy yilda Nukus davlat pedagogika institutida bakalavriatning jismoniy tarbiya, musiqa ta’limi, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 500 nafardan ortiq abituriyent kasbiy (ijodiy) imtihon topshiradi. Mazkur oliy o‘quv yurtida kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 11 iyul kuniga qadar davom etadi.

Dovud Abibullayev,  

Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA