Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodiy imtihonlar davom etmoqda
17:14 / 2022-08-08

– Jismoniy madaniyat, jumladan xotin-qizlar sporti yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan kasbiy (ijodiy) imtihonda yugurish bo‘yicha 100 metr masofani 13,75 soniyada, 1000 metr masofani esa 3,30 soniyada bosib o‘tib, jami 140 ball to‘plab, eng yuqori natijani qo‘lga kiritdim, – deydi shahrisabzlik Maftuna Turdiyeva. – Albatta bunda Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari kollejida ta’lim bergan ustozlarimning hissasi katta.

Bugunga qadar ularning tavsiyalariga amal qilib, yengil atletika bo‘yicha ko‘plab musobaqalarda sovrindor bo‘ldim. Nasib etsa talabalik safiga qabul qilinsam, ushbu faoliyatimni davom ettirib, xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, yurtim bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishni maqsad qilganman.  

Darhaqiqat, Shahrisabz davlat pedagogika institutida  joriy yil 1 avgust kunidan boshlab kasbiy (ijodiy) imtihonlarga start berildi. Imtihon jarayonlarini adolatli, shaffof va yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida katta tayyorgarlik ko‘rildi. Institutda bakalavriat kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 16 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, shundan ijodiy imtihonlar 3 ta – musiqa ta’limi, tasviriy san’at va jismoniy madaniyat ta’lim yo‘nalishlarida bo‘lib o‘tmoqda.  

Ijodiy imtihonlari mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari uchun mavjud auditoriyalar tashkil etilib, ovozli veb-kameralar bilan jihozlandi va abituriyentlarning ota-onalari, yaqinlari uchun imtihon jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati yaratildi. Jismoniy madaniyat yo‘nalishidagi abituriyentlar uchun ijodiy imtihonlar Shahrisabzdagi Hisor o‘yingohida o‘tkazilmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida, uchala yo‘nalishga 2022-2023 o‘quv yilining kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarida jami 2597 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Jumladan, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishining kunduzgi shaklida 172 nafar, sirtqi shaklida esa 337 nafar, jismoniy madaniyat yo‘nalishining kunduzgi shaklida 438, sirtqi shaklida 978 nafar va musiqa ta’lim yo‘nalishida kunduzgi shaklda 149, sirtqi shaklda esa 405 nafar abituriyentlar imtihonlarda ishtirok etmoqda. Imtihonlar har kuni ertalab 7:00 dan kech soat 18:00 ga qadar davom etmoqda. 

O‘lmas Barotov, O‘zA