Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodiy imtihonlar boshlandi
17:21 / 2024-07-10

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida 2024/2025 o‘quv yili uchun mazkur ta’lim muassasasi dizayn (kompyuter grafikasi, badiiy foto), cholg‘u ijrochiligi: xalq cholg‘ulari (zarbli cholg‘ular) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlarning kasbiy (ijodiy) imtihonlari o‘tkazilmoqda.

Imtihon komissiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining malakali mutaxassislaridan iborat bo‘lib, ular abituriyentlarni ikki bosqichda sinovdan o‘tkazmoqda.  

Imtihonlarning adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida universitet qabul komissiyasi tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Ota-onalar imtihon jarayonlarini kuzatib borishlari uchun maxsus joylar tashkil etilib, monitorlar o‘rnatilgan.

Samarqand davlat chet tillar institutining xalqaro jurnalistika ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun ham ijodiy imtihonlar boshlandi. Imtihonni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetidan kelgan komissiya a’zolari olmoqda.

– Ijodiy imtihon ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi, – deydi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Ferxan Allambergenova. – Universitetimiz tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, unda tasdiqlangan mavzular bo‘yicha dastlab yozma imtihon olinadi. Haqqoniylik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida o‘nta variantda savollar olib kelganmiz. Har bir guruhda abituriyentlar shu variantlardan birini tanlaydi. Har bir variantda beshtadan savol bor. Birinchi bosqichda abituriyentlar insho yozadi. Ikkinchi bosqichda esa suhbatdan o‘tadi. Ularning ommaviy axborot vositalarida yoritilgan ijodiy ishlari ham suhbat davomida inobatga olinadi.

Joriy yilda institutning xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga 134 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ular orasidan yuqori ball to‘plagan 25 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilinadi. Ijodiy imtihon natijalari 24 soat mobaynida e’lon qilinadi.

G‘.HASANOV,  

O‘zA muxbiri