English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijodiy imtihonlar adolatli, shaffof o‘tmoqda
07:40 / 2023-07-25

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetda Sport faoliyatining 40 ta sport ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi.

Imtihonlar Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, “Suv sporti turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi” tasarrufidagi eshkak eshish bazasi, Paxtakor stadioni, Tennis olimpiya akademiyasi, “Humo Arenasi” va “ICE CITY” muz majmualarida hamda Toshkent viloyati Chirchiq shahri sportchilar ko‘chasi 19 uyda joylashgan universitetning sport zallari va maydonlarida tashkil etilmoqda.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar tanlangan sport ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha 2023 yil 24-31 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Prezidentimizning 2022 yil 3 noyabrdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallariga “Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kamida ikkinchi sport razryadiga ega bo‘lgan, “Sport turining alohida yo‘nalishlari” magistratura mutaxassisligiga esa kamida O‘zbekiston sport ustaligiga yoki O‘zbekiston grossmeysterligiga nomzod sport razryadiga ega bo‘lgan abituriyentlar qabul qilinmoqda. 

Ta’kidlash lozimki, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab oliygoh va uning filiallarida hamda boshqa oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega bo‘lgan sportchilar, Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega bo‘lgan sportchilar, O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega bo‘lgan sportchilar, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinib, ularga maksimal ball qo‘yib berilmoqda. 

Shuningdek, inson omilini keskin kamaytirish, imtihonlarning shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida raqamlashtirish tizimi joriy etilgan. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan barcha sport majmualari videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Shu bilan birga abituriyentlarning ota-onalari jarayonlarni universitet hovlisiga o‘rnatilgan monitorlar orqali kuzatib bormoqda. 

A.Musayev, O‘zA