Milliy amaliy san’atimiz g‘oyat betakror va go‘zal.
Shu yil 8-12 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari, bir qator vazirlik va idoralar, muassasalar hamkorligida o‘tkazilgan “Zamonaviy amaliy san’at: dekor va uslub” nomli III Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi buni yana bir karra namoyish etdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov davlatimiz rahbarining 2017 yildagi «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori shu yo‘nalishdagi muhim hujjat bo‘lganini ta’kidladi. Qaror bilan 2017 yildan boshlab xalqaro amaliy san’at biyennalesini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi, ushbu hujjat xalqimiz va jahon hamjamiyatiga zamonaviy amaliy san’at asarlarini namoyish etish, bu borada xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishda katta imkoniyatlarni yaratdi.
2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bag‘ishlangan ushbu biyennale nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Buni tadbirda 18 xorijiy davlat - Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ukraina, Bolgariya, Fransiya, Italiya, Shvetsiya, Avstraliya, Keniya, Yaponiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston,Turkiya, O‘mon, Eron kabi mamlakatlardan jami 64 nafar amaliy san’at ustasi qatnashgani misolida ham ko‘rish mumkin. Respublikamizdan 100 dan ziyod amaliy san’at ustalari o‘z ijodini namoyish etdi.

Besh kun davomida san’at ixlosmandlari dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan amaliy san’at ustalarining benazir san’at namunalaridan bahra olib, ijodiy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ldi.
Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi doirasida tomoshabinlarga “Zamonaviy amaliy bezak san’ati: bezak va uslub”, “Xattotlik, naqqoshlik, miniatyura: meros va zamonaviylik”, “Loyda jilvalangan fantaziya”, “Zamonaviy zargarlik san’ati: rivojlanish tamoyillari”, “Zamonaviy san’atda badiiy hunarmandchilikning poetikasi”, “O‘zbekiston amaliy bezak san’ati tarixidan”, "Yaponiya zamonaviy amaliy bezak san’atidan lavhalar", “Zamonaviy ganchkorlik: Toshkentlik ustalar ijodi" nomli ko‘rgazmalar havola etildi.
Shuningdek, biyennaleda O‘zbekistonning taniqli ustalari va xorijlik qatnashchilarning mahorat darslari, ilmiy konferensiyalar, taqdimotlar, liboslar namoyishlari o‘tkazildi.
Milliy an’analarni asrab-avaylash, zamonaviy amaliy san’at namunalarini xalqimiz va jahon hamjamiyatiga taqdim etish, unutilib borayotgan xalq an’analari va zamonaviy amaliy san’atda ro‘y berayotgan dolzarb jarayonlarni o‘rganish orqali turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga oid Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi san’atning jamiyatimizdagi o‘rnini yuksaltirishga xizmat qildi.
Biyennale hakamlar hay’ati a’zolariga Ozarbayjon milliy fanlar akademiyasi san’at va arxitektura instituti direktori Ertegin Salomzoda, Butunrossiya dekorativ san’at muzeyi direktori Yelena Titova,
YUNESKOning Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro eksperti Nadejda Jdravkova kabi nufuzli xorijlik vakillar mas’ul etib belgilandi.
Ular xulosasiga ko‘ra, 1- o‘ringa Zarafshon Shakardodova va Dilmurod Sharipov (zargarlik, Tojikiston) sazovor bo‘ldi. 2-o‘ringa Ubolsin Daulenova (namat, Qozog‘iston) munosib topildi. 3- o‘rinni Irina Lebedeva (quroq ustasi, Rossiya) qo‘lga kiritdi.
Biyennale Gran-prisiga Abduvohid Karimov (kulolchilik) munosib topildi.
Shuningdek, 1-rag‘batlantiruvchi mukofot – Aleksey Koval (Ukraina);
2-rag‘batlantiruvchi mukofot – Ilhom Davletov (O‘zbekiston);
3-rag‘batlantiruvchi mukofot – Livia Marosso (Italiya);
4-rag‘batlantiruvchi mukofot – Shorasul Shoaxmedov;
5-rag‘batlantiruvchi mukofot – Raisa Ramanenya (Belarus);
6-rag‘batlanitruvchi mukofot – Serjan Bashirov (Qozog‘iston) kabi ijodkorlarga berildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqdi.
Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi jahonning ko‘plab hunarmandlariga ijod va ilhom bag‘ishladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri