Bugungi kunda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 185 ta ixtisoslashtirilgan maktab, Bahodir Jalolov nomidagi boksga va Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi, Fan olimpiadalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
2024 yilda Agentlik tizimida Ko‘kdala, Pop va Oqdaryo tumanlari ixtisoslashtirilgan maktablari tashkil etilib, natijada iqtidorli bolalar uchun qo‘shimcha 504 ta yangi o‘quvchi o‘rni, 162 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 3 ta – Andijon, Samarqand, Nukus shahar filiali tashkil etilgan. Agentlik tizimidagi o‘quvchi va talabalar soni 73 ming 500 nafarga yetdi, maktablardagi 8 ming 473 nafar o‘qituvchining 54 foizini oliy va birinchi toifalilar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga (47foiz) nisbatan 7 foizga oshdi. Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Agentlik huzurida Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi.

Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun 7 nomda yangi avlod darslik majmualari ishlab chiqildi. Prezident maktablari bitiruvchilarining 80 foizi ( 255 nafari ) SAT sertifikatiga ega bo‘ldi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshdi. Bitiruvchilarning 100 foizi xalqaro til bilish sertifikatlariga (eng yuqori ball 8,5 ball) ega bo‘ldi. Kembrij Xalqaro A-level imtihonlarida bitiruvchilarning 70 foizi yuqori natijaga erishdi.
9 ta ijod maktabida “San’at” fanini o‘qitish, 185 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda shaxmat darslari, “Yosh akademiklar” klubi, akademiklar tomonidan mahorat darslari o‘tilishi yo‘lga qo‘yildi. Agentlik tizimida 2 ta (Bahodir Jalolov nomidagi boksga va Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga) ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularga 52 nafar rahbar, pedagog va trener xodim ikki bosqichli hamda 170 nafar iqtidorli o‘quvchi uch bosqichli tanlov asosida saralab olindi.
Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 8-sinfida matematika fanini ingliz tilida “Pearson-Edecxel” xalqaro ta’lim tashkilotlarining dasturlari hamda darsliklari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida “Zamin Creative” loyihasi ishga tushirildi.
Prezident maktablari o‘quvchilarining 100 foizi, ijod maktablari o‘quvchilarining 56 foizi muddatidan oldin xorijiy va mahalliy oliygohlarda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Toshkent shahridagi Prezident maktabining 2 nafar o‘quvchisi dunyo reytingida 4-o‘rindagi Garvard universitetiga, 17-o‘rindagi Prinston universitetiga 100 foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich keyingi 5 yilda 23 pog‘onaga ko‘tarilgan. Prezident maktablarining 31 nafar, ijod maktablarining 9 nafar, ixtisoslashtirilgan maktablarning 15 nafar bitiruvchisi “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi sohibi bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA