Poytaxtimizda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktab direktorlari uchun «Zamonaviy ta’lim tizimida boshqaruv san’ati» mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 apreldagi «Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra 193 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab- internatlar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi. Shundan 168 ta o‘quv dargohi 2022/2023-o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlamoqda. Bulardan 23 tasi maktab-internatlar bo‘lib, ularda yotoqxona ham mavjud. Qolgan 145 ta ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilar uyidan qatnab o‘qishlari uchun mo‘ljallangan.
Seminar ishtirokchilaridan biri – Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Abduvali Ergashev Buyuk Britaniyaning Vestminster universitetini tamomlab, xorij yoki poytaxtda emas, aynan Kattaqo‘rg‘on tumanida ta’lim sohasida ish olib bormoqda.
O‘zining aytishicha, u tuman hokimining o‘rinbosari, keyinchalik esa xususiy maktab direktori sifatida ishlagan. Abduvali Ergashevdan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktorlari uchun o‘tgan tanlov qanday tashkil etilgani xususida so‘radik:
– Tanlov shaffof va ochiq o‘tdi, – dedi A.Ergashev. – Sir emaski, tumanimiz ta’lim sohasida biroz orqaroqda edi. Uni rivojlantirishda zamonaviy o‘qitish tizimi va ilg‘or pedagogik texnologiyalari muhim ahamiyatga ega. Biz Prezident maktablarining ilg‘or o‘quv tajribasini chuqur o‘rganish va o‘zlashtirish, uni ixtisoslashtirilgan maktablarga joriy etish orqali ta’lim samaradorligini oshirishga erishishni maqsad qilganmiz. Negaki, Prezident maktablari boshqa maktablar uchun iboratdir.
«Zamonaviy ta’lim tizimida boshqaruv san’ati» seminarida ishtirokchilarga «Yangi loyihaga kirish», «Maktab-internatlar faoliyatini tashkil etish», «Boshqaruv ilmi», «Baholash tizimi», «Me’yoriy hujjatlar», «Elektron jurnalning yuritilishi» , «Ijro intizomi va moliyaviy hujjatlar» kabi mavzularda batafsil tushunchalar beriladi. Bu kabi seminarlarni joylarda ham tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA