Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijod maktablarining uchinchi bosqich test sinovlari bo‘lib o‘tdi
15:34 / 2023-07-30

Mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida tashkil etilgan ijod maktablarining uchinchi bosqich test imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahrida Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga kirish istagidagi bolalar o‘rtasidagi test sinovlari "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tdi. Salqin pavilonlarda test topshirish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida tashkil etilgan ijod maktablari yosh avlodning adabiyotga bo‘lgan mehrini yanada kuchaytirish, mazkur fanni iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida chuqurlashtirib o‘rgatish, milliy so‘z san’ati darg‘alarining ijodini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ijod maktablariga 2023/2024 o‘quv yili uchun jami 4 684 ta hujjat qabul qilindi.

Bunda, bir o‘ringa qabul qilingan hujjatlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyatidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabiga 16 ta, Farg‘ona viloyatidagi Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabiga 13 tadan hamda eng past ko‘rsatkich Xorazm viloyatidagi Ogahiy nomidagi ijod maktabiga 8 ta, Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga 6 ta hujjat to‘g‘ri keldi.

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabiga kirish imtihonlarining uchinchi bosqichida 235 nafar o‘quvchi qatnashdi. Ushbu bosqichda bolalar 50 ta savolga 85 daqiqa davomida javob berishlari kerak bo‘ladi.

Ijod maktabiga kirish imtihonlarining uchinchi bosqichida asosan yettinchi sinfga o‘tgan o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi.  

To‘rtinchi sinfni tamomlagan bolalardan farqli ravishda, yettinchi sinf ostonasidagi o‘quvchilarning mas’uliyatni ancha his etishi test jarayonlarida yaqqol ko‘zga tashlandi.  

Har holda imtihonlarda esnab, partaga bosh qo‘yib o‘tirgan o‘quvchilarni uchratmadik.

Maktab o‘quvchilarining imtihonlarga har doimgidek halol yondoshgani diqqatga sazovordir. Sakson besh daqiqa vaqt ham bir lahzada o‘tdi. Aksariyat o‘quvchilar test savollarini belgilangan vaqtga nisbatan 20-15 daqiqa avval ishlab bo‘lgani e’tiborimizni tortdi.

Imtihondan so‘ng bolalar o‘z guruhlari bo‘yicha majmua hovlisida saflandilar. Ularning kimga qanday savol tushgani, qay yo‘sinda javob berganlari, qaysi savol murakkabroq ekani xususidagi o‘zaro gurungini kuzatish zavqli. Ayrim o‘quvchilarni suhbatga chorlaymiz.

Toshkent shahridagi 98-maktab o‘quvchisi Ruxshona Nazarovaning aytishicha, har bir savolga hech qiynalmasdan javob bergan.

- Men ham barcha savollarga qiynalmasdan javob berdim, - dedi Andijon viloyati Xonobod tumanidagi 36-maktab o‘quvchisi Dilxumorgul Abdumannopova.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 155-maktab o‘quvchisi Behzod O‘rinov test savollariga bilganicha javob qaytarganini aytadi.

Bolajonlar uchun yana bir sinov ortda qoldi. Aynan o‘quvchilarning sa’y-harakati bilan halol, haqqoniy o‘tgan imtihonlar bolalarni o‘qib, izlanishdan to‘xtamaslikka chorlashi shubhasiz.

Nazokat Usmonova, O‘zA