Barcha abituriyentlar intiq bo‘lib kutgan oliy ta’lim muassasalariga topshirilgan test natijalari e’lon qilindi.
Quvonarli jihati, joriy yilda maktab bitiruvchilarning aksariyat qismi talabalikka qabul qilingan. Bu esa ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar va o‘qituvchilar mehnatining samarasidir.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktabi bitiruvchilari ham yuqori natijalarni zabt etgan. bugungi kunda Agentlik tizimida 9 ta ijod maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 6 tasini 2020/2021 o‘quv yilida 160 o‘quvchi bitirdi.
Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, Agentlik tizimidagi Nukus shahridagi I. Yusupov nomidagi ijod maktabi, Marg‘ilon shahridagi E.Vohidov nomidagi ijod maktabi, Andijon shahrida joylashgan Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi, Namangan viloyatidagi Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi, Jizzax viloyatidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktablarini tamomlagan bitiruvchilarning 98 foizi xorijiy va mahalliy OTMlarga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabining 39 nafar bitiruvchisining hammasi mahalliy va xorijiy oliygohlar talabasi (ulardan 27 nafari mahalliy, 12 nafari esa xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilingan) bo‘ldi. Agentlik tizimidagi qolgan 3 ta ijod maktabida 2020/2021 o‘quv yilida bitiruvchi sinflar mavjud emas.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA