Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabida o‘zbek adabiyotining yorqin vakilasi, iste’dodli shoira, jozibali nasriy asarlar muallifi Saida Zunnunova tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchi va shoirlar, maktab o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi, Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi rahbari Muhammatrasul Mamatqulov shoiraning boy adabiy merosi va hayot yo‘li haqida gapirdi.
– Saida Zunnunova she’rlari samimiy va soddaligi, ravon o‘qilishi bilan har qanday o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. Uning she’rlarida ayol qalbi, ona mehri va vatanga muhabbat, oilaga sadoqat o‘zgacha joziba bilan tarannum etilgan. Shu bois ham, Saida Zunnunova she’riyati o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin tutadi, – deydi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi.
[gallery-27706]
Tadbirda ijodkorlar, maktab o‘quvchilari shoiraning she’rlaridan namunalar o‘qidi. Shuningdek, Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida Saida Zunnunovaning boy adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, ijodkor yoshlarni adabiyotga qiziqishini oshirish, qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan ijodiy tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham tashkil etildi.
Mazkur tanlovga ijodkor yoshlar yuzga yaqin maqola, she’r va hikoyalarini taqdim etdi. G‘olib va sovrindor deb topilgan ijodiy ishlar mualliflari Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi medali, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jozibali she’rlari, go‘zal hayotiy hikoyalari bilan xalqimiz, adabiyot muxlislari qalbidan mustahkam joy olgan shoira xotirasiga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.