Keyingi yillarda ijodiy tashkilotlarning xalqaro aloqalari tobora kengayib bormoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xorijdagi shu kabi bir qator adabiy-ma’rifiy tashkilotlar bilan keng hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani e’tiborga molikdir.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi rais o‘rinbosari Akbar Abdullo mehmon bo‘ldi. Muloqotda O‘zbekiston va Tojikiston yozuvchilari ijodiy tashkilotlarining hamkorligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘zbek va tojik adabiyoti o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari azaldan davom etib kelayotganini ta’kidladi. Qardosh tojik ijodkorlari bilan hamkorlikda o‘zaro tarjimalar ayirboshlash bilan birgalikda adabiy muloqotlar va do‘stlik tadbirlari alohida o‘rin tutayotgani e’tiborga molikdir.

Akbar Abdullo tojikistonlik o‘zbek shoir va yozuvchilarining ijodi haqida to‘xtalib o‘tarkan, shu yili bir necha o‘zbek shoiri Tojikiston Yozuvchilar ittifoqiga a’zolikka qabul qilinganini qayd etdi.
Aytish kerakki, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqida o‘zbek adabiyoti sho‘’basi faoliyat olib bormoqda. Unga Sulaymon Ermatov rahbarlik qiladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida esa tojik adabiyoti sho‘’basi tashkil etilgan bo‘lib, uni shoir Paymon boshqaradi.
“Adabiyot” nashriyotida “Zamonaviy tojik she’riyati antologiyasi” nashrdan chiqish arafasida turibdi. Kitobdagi she’rlar shoir Odil Ikrom tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Akbar Abdullo Mirzo Tursunzoda nomli adabiy mukofot sovrindori hisoblanadi. U oltita she’riy kitoblar muallifi, adabiy tarjima sohasida ham samarali faoliyat olib boradi. 2021 yili rus she’riyatidan qilgan qator tarjimalari uchun Lev Tolstoy nomidagi medal bilan taqdirlangan.
Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikka oid istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
O‘zA
(N.Usmonova)