Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida poytaxtimizda bunyod etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Vatanimizning boy o‘tmishi, buyuk ajdodlarimiz merosi, muqaddas Islom dining ma’rifatparvar va tinchliksevar g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan tabarruk maskandir. Bu markazni ko‘rish – hayrat, havas, faxr va iftixor tuyg‘ularini yurakdan o‘tkazish, munosiblik mas’uliyatini anglamoq, demak.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Yangi O‘zbekiston” nashri tahririyatining vakillari, ustoz yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, milliy so‘z san’atimiz jonkuyarlari, jurnalistlar mazkur muazzam maskanga tashrif buyurdi.

Toshkent shahrida chuqur ilmiy-ma’rifiy xulosalar asosida qad rostlagan ushbu markaz yurtimiz tarixining goh shonli, gohi sinovli davrlarini, Islom dinining bebaho qadr-qimmatini, asrlar osha insoniyatni hayratlantirib kelayotgan Qur’oni Karimning tarixi, uning mo‘’jizakor, hikmatli xususiyatlarini teran anglashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu muazzam va muhtasham markazning qad rostlashida minglab quruvchilar, bunyodkorlar, muhandislar, olimlar, dinshunoslar, hunarmand va musavvirlar, dizaynerlar, kutubxonachilar, muzeyshunoslar, ekspertlarning zahmatli va fidokorona mehnatlari mujassam. Yuzlab betakror ilmiy-ma’rifiy, innovatsion loyihalar mazkur markazning bu qadar joziba, mahobat, bilimlar xazinasiga yo‘g‘rilishida alohida ahamiyat kasb etdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi biz kimlarning avlodi ekanimizni yanada teranroq anglash imkonini berishi bilan g‘oyat qadrli. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz merosini o‘rganish maskani, balki yoshlar ilmiy-tadqiqot faoliyatida bevosita ishtirok etadigan faol ilmiy-ma’rifiy maskanga aylanishi kerak”, degan so‘zlari markazning ekspozitsiya zallari ustida ish olib borgan katta ilmiy jamoaning asosiy shiori bo‘ldi.
– Ko‘pincha xorijlik mehmonlar ushbu maskanga kelib hayratlanadilar va uning jozibasi, siri nimada ekani haqida o‘yga toladilar, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov. – Ularga aytamanki, dunyoning ko‘plab yetakchi davlatlaridagi bu kabi ilmiy dargohlar, muzeylarda qonni ko‘rasizlar, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida esa ma’rifatni ko‘rasizlar, deb Shu sababli mazkur dargoh g‘oyat mo‘’jizakor va jozibalidir. Prezidentimizning mualliflik g‘oyalari bo‘lgan ushbu mega loyiha muqaddas Islom dinining ma’rifatparvarlik, ezgulik, bag‘rikenglik, bilimga intiluvchan g‘oyalarini ko‘rsatishga yo‘naltirilgani bilan xalqaro miqyosda ham keng jamoatchilik diqqatini jalb etmoqda.

– Bugungi g‘oyat murakkab va sinovli davrda jaholatga qarshi ma’rifat eng asosiy qurol ekani tobora yaqqolroq ayon bo‘lib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan bunyod etilgan mazkur markaz muqaddas Islom dinining ezgu va ma’rifatparvar g‘oyalarini, ajdodlarimizning boy merosini teran anglashda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Markazning muzey majmuasi ekspozitsiyasi bir nechta tarixiy zallarni o‘z ichiga oladi. “Qur’oni karim zali”, “Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “O‘zbek xonliklari davri”, “XX asrda O‘zbekiston”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” kabi zallar, qimmatli ekspozitsiyalar, tarixiy manbalar ustoz yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, ma’naviyat targ‘ibotchilarida katta taassurot uyg‘otdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri