Mulkni ijaraga berish orqali daromad topayotganlar kam emas. Albatta, buning yomon joyi yo‘q. Zotan, har qanday mulkni shartnoma orqali foyda evaziga kimgadir foydalanishga berish qonunga mos keladi.
Ammo birovning mulkiga zarar yetkazish, yo‘q qilish kabi holatlar ham uchraydi. Bu esa, qonunga mutlaqo zid. Qolaversa, omonatga xiyonat qilish odamgarchilikdan emas. Ming afsuski, hayotda bunday holatlar uchrab turibdi. Ayniqsa, yengil avtomobillarni ijaraga berayotgan fuqarolar ko‘proq zarar ko‘rmoqda.
Masalan, avtomobilni ijaraga olib, uni bo‘lib-bo‘lib sotib yuborayotganlar bor. Yoki ijaraga olingan avtomobilni birovniki deb ayamay ishlatish, tezlikni oshirib, har xil baxtsiz hodisalar yuz berishiga sababchi bo‘layotganlar ham yo‘q emas.
Esingizda bo‘lsa, Namangan shahrida ikki nafar 9-sinf o‘quvchisi “Gentra” mashinasida YTHga uchradi. Ular mashinani 150 ming so‘mga vaqtincha ijaraga olgan. Bundan oldin shu shaharda ijaradagi avtomobilda avariyaga uchragan 3 nafar bola vafot etgan edi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev ijaraga olingan avtomobilni bo‘laklarga bo‘lib sotib yuborgan shaxslarga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.
Fuqaro O‘.A. 1994 yil Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Ikki nafar farzandning otasi shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan noma’lum shaxslar bilan aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritib moddiy boylik orttirish maqsadida jinoiy til biriktirgan.
Ular bir guruhga birlashib, “OLX” ijtimoiy tarmog‘iga fuqarolar tomonidan avtomashinalarni kunlik ijaraga berish bo‘yicha qoldirgan e’lon bo‘yicha bilan bog‘lanib, avtomashinani kunlik ijaraga olishlarini ma’lum qilgan. Ularning ishonchiga kirib, avtomashinani olganligi haqida tilxat va ishonchnoma rasmiylashtirgan.
Avtomashinani qabul qilib olganidan so‘ng esa, uni egasiga qaytarib bermasdan, mulkni boshqa shaxslarga sotib yuborib, pullarni o‘rtalarida taqsimlab, talon-toroj qilish haqida kelishib, ushbu jinoiy rejani amalga oshirishni o‘zaro kelishib olgan.
Ular B.S.ga tegishli “Neksiya-3”ni kunlik 150 ming so‘mdan berishga kelishib, ijaraga olgan. Lekin, bergan va’dasini bajarmasdan, avtomashinani kunlik to‘lov pullarini to‘liq to‘lamasdan, avtomashinani sotib yuborib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Bundan tashqari, jinoiy to‘da jinoiy harakatlarini qasddan davom ettirib, fuqaro N.J.ga tegishli “Neksiya-3”ni kunlik 200 ming so‘mdan ijaraga olgan. Unga oldindan 400 AQSH dollari berishini aytib, shu yo‘l orqali uning ishonchiga kirib, uni yolg‘on va’dalar bilan aldab, avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomani rasmiylashtirib olgan. Biroq, va’dasini bajarmasdan, avtomashinani kunlik to‘lov pullarini to‘liq to‘lamasdan, avtomashinani tergov davrida shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan noma’lum shaxslarga sotib yuborib, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Keyinchalik ular ayol kishiga tegishli “Lasetti”ni, yana boshqa kishilarga tegishli “Spark”, “Kobalt”, “Damas-2”, “Labo” rusumli avtomobillarni shunday g‘arazli maqsadda ijaraga olgan.
Jabrlanuvchilarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaatidan keyin O‘.A. qilmishlarining oqibati nimaga olib borishini tushunib yetdi. Yetkazilgan zararlarni qoplashga kirishdi.
– Sud O‘.A.ga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda, jinoyatni g‘arazli maqsadlarda sodir qilganligini jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb topib, aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholadi, — deydi sudya Sarvar Mamadiyev. – Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar to‘liq qoplanganligi va ularning sudlanuvchi O‘.A.ga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, jinoyat sodir etilgan paytidagi va sodir etilganidan keyingi xulq-atvorini sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini aybni jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan jarima jazosi tayinladi. Tayinlangan jarima davlat daromadiga undiriladi. Sudlanuvchi O‘.A.ga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud majlisi zalidan qamoqdan ozod qilindi.
Bunda, uning qilmishidan pushaymonligi, bunday nomaqbul ishlarga boshqa qo‘l urmasligi kabi fikrlari inobatga olindi.
Xulosa o‘rnida aytib o‘tish kerakki, avtomobilni ijaraga berish orqali kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxushliklarni tushunish va ularni oldindan prognoz qilish uchun asosiy xavf va muammolarga e’tibor qaratish zarur.
Avtomobilni ijaraga berarkansiz, ijarachi avtomobilni ehtiyotkorlik bilan boshqarmasligi mumkin, buning natijasida avtomobilga mexanik yoki texnik shikast yetishi ehtimoli bor. Yo‘l-transport hodisalari yuz berganda to‘liq zararni qoplash muammolari yuzaga kelishi mumkin.
Buning uchun ijara shartnomasida zarar uchun javobgarlikni aniqlashtirish juda muhim. Sug‘urta xizmatidan foydalanish foydadan holi emas.
Moliyaviy muammolar yuzaga kelishi, masalan, ijarachi to‘lovlarni kechiktirishi yoki umuman to‘lamasligi mumkin. Yoqilg‘i sarfi yoki kutilmagan ta’mirlash xarajatlari ijara beruvchining zimmasiga tushishi mumkin. Bunda, oldindan kafolat puli (zalog) talab qilish, to‘lovlarni oldindan qabul qilish tartibini joriy etish zarur.
Avtomobil jinoiy faoliyat uchun foydalanilishi mumkin. Ijarachi avtomobildan manzilsiz tarzda foydalanib, uni qaytarmasligi ehtimoli bor. Buning oldini olish uchun esa, ijarachi haqidagi ma’lumotlarni tekshirish (hujjatlarni olish va shaxsni aniqlash joiz. GPS o‘rnatish)shart.
Unutmang, shartnoma to‘g‘ri tartiblanmagan bo‘lsa, ijara beruvchi o‘z huquqlarini himoya qila olmasligi mumkin. Noma’lumliklar va noaniq shartlar kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Bunda, malakali yurist bilan maslahatlashib, mukammal shartnoma tayyorlash maqsadga muvofiq. Har bir shartni ijarachiga tushuntirish va tasdiqlash kerak.
Avtomobilning ekspluatatsiyasi bilan bog‘liq xatarlarda avtomobil belgilangan chegaradan ortiq yoki xavfli zonalarda ishlatilishi mumkin. Texnik reglamentga amal qilinmasligi avtomobilning tezkor eskirishiga olib keladi. Bu jarayonda esa, foydalanish chegaralari haqida shartnomada aniq belgilash, texnik xizmatni o‘z vaqtida amalga oshirish talabini qo‘yish darkor.
Hujjatlar va sug‘urtaga bog‘liq muammolar yuzaga kelishi, ya’ni ijarachi transport vositasi hujjatlarini yo‘qotishi yoki sug‘urta qoidalariga amal qilmasligi mumkin. Bunda esa, hujjatlarni elektron shaklda saqlash va nusxalarini tayyorlash, barcha hujjatlarni ijarachidan oldindan talab qilish kerak.
Muammodan saqlanish uchun har bir fuqaro o‘z huquqlari kafolatini qonuniy jihatdan mustahkamlashi zarur. Shunga erishsagina keyin afsuslanib yurmaydi.
Norgul Abduraimova, O‘zA