Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti aholini hozirgi ob-havo sharoitida yo‘llarda ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Departament axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova yo‘llarda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini eslatdi:
– Yo‘l harakati ishtirokchilari qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar, qalin tuman tushishi va kuchli shamol holatlari yo‘l-transport hodisalari sodir etilishiga sabab bo‘lishini inobatga olgan haydovchilardan texnik nosozliklar bo‘lgan transport vositalaridan, ayniqsa, isitish tizimi nosoz bo‘lgan, avtotransport oynalari terlab sun’iy parda hosil qilib, ko‘rinishni cheklaydigan transport vositalaridan foydalanmaslikni so‘raymiz.
Protektor izlari yedirilib ketgan avtotransport ballonlarini imkon qadar qishda yurishga mo‘ljallangan ballonlarga almashtirish zarur.
Belgilangan tezlik talablariga aniq rioya qilish va oraliq masofani xavfsizlik darajasida ushlash, transport vositasini charchoq va mast bo‘lgan holda boshqarmaslik maqsadga muvofiq.
Tog‘li hududlarda, dovon yo‘llarida, jumladan, vodiy viloyatlarini markaz bilan bog‘lovchi “Qamchiq” dovonida transport boshqarishda o‘ta hushyor bo‘lish, boshqarish malakasiga ega bo‘lmagan haydovchilardan esa bu hududlarda harakatlanmaslikni so‘raymiz.
Yuk avtomobillari haydovchilari hamisha o‘ng tomondagi birinchi bo‘lakdan harakatlanishi lozim. Chunki, katta hajmli avtotransport yo‘llarda boshqa haydovchilarga noqulayliklar tug‘dirib, noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Piyodalardan yo‘llarni faqatgina maxsus belgilangan joylardan o‘tishni, o‘tayotgan vaqtda yo‘l belgilariga amal qilib, gadjetlardan foydalanmaslikni iltimos qilamiz.
Aziz yurtdoshlar, unutmang, har birimiz yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga mas’ulmiz!
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ENbpcnyhSEs" title="IIV: yo`llarda ogoh va hushyor bo`ling!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova, N.Abduvoitov (video), O‘zA