Transport vositalari sonining keskin oshib borayotgani harakat oqimini tartibga solishni qiyinlashtirayotgani hech kimga sir emas.
Transport vositalari soni 2000 yilga nisbatan bugungi kunda to‘rt baravarga oshgan. Joriy yil noyabr oyida transport vositalari soni 5,5 milliontani, aholi soni esa 38 million 69 ming nafarni tashkil etgan. Qo‘shni davlatlar bilan aloqalar yaxshilangani bois mamlakatimiz orqali kuniga 300 yaqin yuk avtomashinasi tranzit orqali o‘tmoqda.
Poytaxt hududiga bir kunda o‘rtacha 300 mingga yaqin transport vositalari kirib kelib, jami harakatlanayotgan avtomobillar soni 1,1 milliontaga yetmoqda.
Bu esa, albatta, tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ushbu raqamlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etildi.

Shu sababli, Prezidentimiz yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratib, bu borada amalga oshirish lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarni belgilab berayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining qarori bilan “aqlli chorrahalar” sonini 700 taga yetkazish, 16 ta yo‘l o‘tkazgich va tonnellar barpo etish, 200 km piyodalar va 170 km velosiped yo‘laklari tashkil etish kabi tadbirlar asosiy vazifa etib belgilandi.
Barcha bo‘g‘indagi rahbarlar tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, tirbandliklarning oldini olish borasida manzilli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Umumiy avariyalar soni o‘tgan yilga nisbatan joriy yilning 11 oyida 627 taga (9 ming 365 tadan 8 ming 738 taga) kamaygan bo‘lsada, lekin hali bu sohada juda ko‘p ishlarni amalga oshirish lozimligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etish kerakki, ob-havo keskin sovib, muzlamalar paydo bo‘layotgani sababli har kuni yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash uchun yo‘l-patrul, avtomobil yo‘llari va obodonlashtirish boshqarmalarining 2 mingga yaqin xodimi va 300 dan ortiq maxsus texnikalar tunu-kun xizmatga jalb qilinmoqda.
Respublikadagi barcha muntazam YPX maskanlarida xodimlarning xizmati kuchaytirilgan tartibga o‘tkazilib, ularda haydovchilar uchun issiq ichimliklar tarqatilishi hamda isinish uchun sharoitlar yaratish yo‘lga qo‘yilgan.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA